Turizm sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
“O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki va tashqi turizmni rivojlantirish va bu borada hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Yevroosiyo Tog‘ kurortlari ittifoqi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistondagi “Amirsoy”, Rossiyadagi “Roza Xutor” va Qozog‘istondagi “Shimbuloq” dam olish maskanlarini birlashtirgan Ittifoq vakillari yangi birlashmaning maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi va qish mavsumida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi muayyan tadbirlarni taqdim etdi.
Taqdimotda 2024 yil mart oyida Sochidagi “Roza Xutor” kurortida bo‘lib o‘tadigan keng ko‘lamli Tog‘ kurortlari festivali haqida e’lon qilindi. Shuningdek, Ittifoq vakillari Davlatlararo sayyohlik yo‘nalishini yaratish, har uchta kurortda foydalanish uchun yagona skipaslar tatbiq qilish, tog‘ kurortlari uchun xodimlarni hamkorlikda tayyorlash rejalari haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birga, ko‘rgazma davomida Ittifoq o‘z safini yangi ishtirokchi – Ozarbayjonning eng yirik “Shahdag” tog‘ kurorti bilan to‘ldirdi. Bu borada tegishli memorandum Ittifoqning barcha dam olish maskanlari vakillari va “Shahdag sayyohlik markazi” tog‘ kurorti boshqaruvi raisi Rustam Najafov tomonidan imzolandi.
–Bizning umumiy maqsadimiz turizm va mehmondo‘stlik industriyasida yangi yo‘nalishlar ochish, sifat va raqobatbardoshlikni oshirish, turizm madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish, – dedi “Amirsoy” MCHJ QK bosh direktori Saidvali Saidxo‘jayev. – Ittifoqimizga yangi ishtirokchi, Ozarbayjonning “Shahdag” tog‘ kurorti birlashishi Ittifoq tomonidan tashkil etilayotgan Davlatlararo sayyohlik yo‘nalishini ajoyib ravishda to‘ldiradi. Ittifoqning barcha dam olish maskanlari faol ishtiroki, erishilgan amaliy natijalar va ularning bunday global turizm forumidagi muvaffaqiyatli taqdimoti birlashmaning hayotiy dolzarbligi va ahamiyatini namoyish etadi. Ishonchim komilki, Ittifoq xalqaro turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi g‘oyalar va loyihalarni yaratish, shuningdek, xavfsiz, “yashil” va hamyonbop turizmni rivojlantirish uchun muhim va manfaatli platformaga aylanadi.
–2023 yil davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar oqimining barqaror o‘sishi xalqaro hamkorlik muvaffaqiyat garovi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bugunga kelib to‘rtta kurort tomonidan rivojlantirilayotgan Yevroosiyo Ittifoqi keyingi o‘n yillikda va uzoq muddatli istiqbolda Yevroosiyo qit’asida tog‘ turizmi barqaror rivojlanishi uchun strategik imkoniyatlar yaratadi, – dedi “Roza Xutor” kurorti bosh direktorining Xalqaro aloqalar va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Sergey Xvorostyaniy.
Shuningdek, tadbirda “Shimbuloq” tog‘ kurorti bosh direktori Rinat Abdrahmonov, Yevroosiyo Togʻ kurortlari ittifoqi kotibi Andrey Kukushkin va boshqalar sayyohlik salohiyatini oshirish va hamkorliklar haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA