Turizm qishlog‘i qanday bo‘ladi?
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona, Sherobod tumanidagi Tuz kon, Sariosiyo tumanidagi Sangardak va Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok qishloqlariga "Turizm qishlog‘i" maqomini berish tavsiya etilgan.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona, Sherobod tumanidagi Tuz kon, Sariosiyo tumanidagi Sangardak va Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok qishloqlariga "Turizm qishlog‘i" maqomini berish tavsiya etilgan.
Prezidentimizning 2019 yil 13 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq "Turizm qishlog‘i" maqomiga ega bo‘lgan hududlar birinchi navbatda "Obod qishloq" dasturiga kiritilib, zamonaviy infratuzilma rivojlantiriladi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor yurtimizning betakror va rang-barang sayyohlik salohiyatini jahonga keng tarannum etishda muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, vohada "Turizm qishlog‘i" maqomi berilishi kutilayotgan Xo‘jaipok qishlog‘ida etno, tibbiyot, Sangardakda eko, Tuz kon va Omonxona qishloqlarida tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud.
Sangardak sharsharasi, Omonxona va Xo‘jaipokdagi shifobaxsh suvlari, Tuz kon qishlog‘idagi noyob tuz g‘orining dunyoga dong‘i ketgani ham bu hududlarning turizm salohiyatidan unumli foydalanishda muhim o‘rin tutadi.
– Bu maqomga ega bo‘lgan hududda "Obod qishloq" dasturi doirasida keng, ravon yo‘llar barpo etilib, obodonlashtiriladi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyqulov. – Elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi tubdan yaxshilanib, barqaror ishlashi ta’minlanadi. Mobil aloqa va internet tarmog‘i sifatini oshirish uchun bazaviy stansiyalar o‘rnatiladi. Biroq bunday maqomga ega bo‘lish uchun hududda mehmonxona va ovqatlanish xizmatidan tashqari yana beshta xizmat ko‘rsatish turlari rivojlangan bo‘lishi lozim. Kamida 20 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi qarori bilan oilaviy mehmon uylarini tashkil etish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tartib-taomillari belgilab berilgan. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq viloyatda 70 ga yaqin zamonaviy mehmon uyi tashkil etilib, mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. "Turizm qishlog‘i" maqomi beriladigan hududlarning har birida kamida 20 tadan mehmon uylarining barpo etilishi ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
– So‘lim tog‘ qo‘ynidagi Omonxona qishlog‘imiz o‘zining ming dardga davo shifobaxsh suvi bilan dunyoga mashhur, – deydi Boysun tumanidagi "Inkobod" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini bajaruvchi A.Qurbonov. – Zamonaviy balneologik shifoxona hamisha mijozlar bilan gavjum. Ayniqsa, bahor va yoz fasllarida go‘shaning tabiat manzaralari ham qishloqqa keluvchilarni o‘ziga maftun etadi. So‘nggi yillarda bu yerga xorijliklarning katta qiziqish bildirayotgani hududni yanada obodonlashtirib, sayyohlarga turli sifatli xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirayotir. Shuningdek, mehmon uylari tashkil etish istagini bildirayotgan oilalar safi ko‘paymoqda.
Mamlakatimizda turizm qishloqlariga asos solinayotgani ham sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yaratib, hududni yangi qiyofada obodonlashtirish, qishloq odamlari uchun yangi ish o‘rinlari barpo etib, ularning turmush darajasini oshirish va iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida janubiy vohaga 100 mingdan ziyod xorijlik sayyoh kelib, arxeologik, madaniy va boshqa noyob yodgorliklar bilan tanishdi. Salomatligini tiklab, so‘lim go‘shalarning go‘zal tabiat manzaralaridan o‘zgacha zavq-shavq oldi. Buyuk ajdodlarimizning hoki qo‘yilgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, qadim o‘tmishga borib taqaladigan tariximiz haqida ko‘plab qiziqarli manbalarga ega bo‘ldi.