Prezident tashrifidan so‘ng...
Qo‘limizdagi xaritadan o‘zimiz turgan joy – “Miraki” turizm majmuasini belgilaymiz. Atrofimizda, juda olis bo‘lmagan joylarda nimalar, qanday sayyohlik manzillari bor? Erinmasdan sanaymiz.

Hisorak suv ombori, Oq saroy tarixiy majmuasi, Kitob kenglik stansiyasi, Geologiya bog‘i, Maydanak observatoriyasi, Suvtushar sharsharasi, Pir Vaxshivariy va Langar ota ziyoratgohlari hamda yana bir qancha turizm qishloqlari...
Zamonaviy til bilan aytganda lokatsiyasi ajoyib nuqtadamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni shu manzilda bo‘lib, Hisor tog‘i yon bag‘rida yaratilgan sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishgan edi.
Yoz – sayyohlik mavsumi. Prezident tashrifidan so‘ng ruknimizning bu galgi soni ushbu majmuaga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 noyabrda “Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida ushbu hujjat hamda turizm yo‘nalishida o‘tkazgan yig‘ilishlarida mas’ullarga berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan tanishgandi.
Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.
Turizm bugungi kunda investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalardan biri sanaladi. Bu yo‘nalishga yo‘naltiriladigan mablag‘ kelgusida ko‘p daromad keltirishi shubhasiz.

Qashqadaryoda ham tarixiy, madaniy va xushmanzara go‘shalar ko‘p. Keyingi yillarda ularning negizida mana shunday turizm maskanlari, mehmonxonalar barpo etildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalari hududida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari, turizm infratuzilmasi ob’ektlari qurilishiga kirishilgan edi. Umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan uchastkalarda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni yaratilmoqda.
Ta’kidlash joiz, yaqin-yaqingacha bu so‘lim joylardan har kim bilganicha foydalanardi. Betartib, ma’lum talablarga javob bermaydigan dam olish ob’ektlari bor edi. Infratuzilmada ham muammolar ko‘p bo‘lgani sir emas.

Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” turizm majmuasiga aylandi. Ikkita mehmonxona, savdo maishiy xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleks barpo qilindi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi bir qancha mehmonxona, 300 o‘rinli oilaviy xostel va savdo kompleksi joylashdi. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini anglatadi.
Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi masalalarni hal etish hamda zarur infratuzilmani yaratish juda muhim. Shu bois Miraki mahallasiga olib boruvchi yo‘llar mukammal ta’mirlandi. Elektr ta’minoti yaxshilandi.

Bugun shu yerdagi “Yashil sayilgoh” ham mehmonlar bilan gavjum. Bu manzil hududdan o‘tuvchi Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘ida piyoda va velosipedda to‘siqsiz harakatlanish uchun o‘n kilometrlik xavfsiz “eko yo‘lak” sanaladi. Bu yerdagi bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari sayyohlarga manzur bo‘lmoqda.
“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm klasterining markazida joylashgan. Bu yerda ham savdo maishiy xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleks faoliyat yuritadi.

– Bizda yaratilgan sharoitlar eng zamonaviy talablarga javob beradi, deydi “Miraki and spa resort” mehmonxonasi bosh menejeri Feruz Ahmedov. –Bu joy sayyohlar uchun katta taassurot beradigan yangi mashrurtlar uchun qulayligi bilan ahamiyatli. Ushbu turizm maskanidagi Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq uzunlikdagi dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikdagi restoran bor. Prezidentimiz mamlakatimizdagi bunday turizm klasterlari faoliyatini rag‘batlantirish, ularning salohiyatini ko‘rsatuvchi targ‘ibot ishlarini kengaytirish lozimligini ta’kidlagandi. Mas’ullar ushbu topshiriqlar ijrosiga kirishgan. Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar natijasida Qashqadaryoga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni ortishi shubhasiz.
Darhaqiqat, o‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqin mehmon aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.


Ikrom AVVALBOEV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA muxbirlari