O‘zbekiston jahon turizm bozorida eng jozibador mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. 2024 yil 12 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish va bu borada olib borilayotgan ishlar xususida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti iqtisodiyot fanlari doktori, professor Alisher Eshtayevнинг fikrlariga qiziqdik.
– Ma’lumki, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Uning asosida xalqaro va mahalliy tadbirlar o‘tkazilib, ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, – deya fikrini boshlaydi Alisher Eshtayev. – Yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarni rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirishga oid sa’y-harakatlar xorijiy investorlarni jalb qilib, O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashiga ham zamin yaratmoqda.
Tahlil qiladigan bo‘lsak, 2024 yilning 6 oyi mobaynida mamlakatimizga 3,5 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshganidan dalolat.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida esa hududlar bo‘ylab 12 million 716 ming nafar aholi sayohatga chiqdi. 2024 yilning o‘tgan davrida 1 milliard 456 million dollarlik turizm xizmati eksporti amalga oshirildi.
Ma’lumki, o‘tgan yili Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining XXV sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazildi. Bu O‘zbekiston uchun muhim tarixiy hodisa bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etishi va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi ham turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratib kelinayotgani bois keyingi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi, 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.
Mehmonxona o‘rinlari soni 140 mingtaga yetkazilib, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

O‘zbekiston rahbari tomonidan turizmni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratish, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etish, “Ko‘hna tarix durdonalari” milliy dasturi doirasida turistlarni o‘ziga jalb qiladigan madaniy meros ob’ektlari sonini 800 tadan 2,5 mingtaga yetkazish kabi masalalar qayd etilgan edi. Unda mamlakatimizdagi 745 ta madaniy meros ob’ekti restavratsiya qilinishi va 20 ta me’moriy yodgorlikda “ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil etilishiga ham urg‘u berildi.
Ziyorat turizmi dasturi doirasida esa sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar ko‘proqqa oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish masalalari diqqat markazida bo‘lishi, turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobidan kelgusida kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratish rejalashtirilgani borasida ham to‘xtalib o‘tildi.
Xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida esa BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish davlatimiz rahbari tomonidan taklif etildi. Shu ma’noda aytish joizki, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbdir.
Bu boradagi amaliy qadamlar sifatida Xalqaro turizm tashkiloti doirasida “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasi yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Yaqinda Samarqandda ochilgan soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q Xalqaro turizm akademiyasida mutaxassislarni o‘qitish uchun maxsus grantlar ajratiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.
Shu o‘rinda Shahrisabz shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hamkorligida joriy yil tashkil etilgan xalqaro tadbirni ham eslatib o‘tish lozim. Unda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi boshchiligida IHTga a’zo davlatlarning turizm ma’muriyati rasmiylari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, OAV vakillari hamda turistik operatorlardan iborat 600 dan ortiq mehmonlar ishtiroki ta’minlandi.
Forumda Shahrisabz deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat nafaqat O‘zbekistonda, balki butun IHT makonida turizmni rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Islom hamkorligi tashkiloti Xiva shahrini 2024 yil Islom dunyosining turizm shahri, deb e’lon qildi. Buning asnosida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlarining “Turizm industriyasini barqaror va yashovchan qilib rivojlantirish” mavzusida XII yig‘ilishi Xivada o‘tkazildi.
Rossiya Federatsiyasining Moskva shahri VDNX ko‘rgazma majmuasida esa “Puteshestvuy” xalqaro turistik forumi doirasida Turizm sohasidagi hamkorlik bo‘yicha quyi komissiyaning ikkinchi majlisi va kengaytirilgan tarzdagi birinchi yig‘ilishi tashkil qilindi.
Turizm sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar davomi sifatida joriy yilning 12 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2024 yilning 3 iyunida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor masalalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor va sohadagi tadbirkorlar bilan muloqot yig‘ilishida tarmoq va hududlar rahbarlari joriy yilda 11 million xorijiy sayyohni olib kelishi va turizm eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish uchun mas’ul va javobgar bo‘lishi belgilandi.
Hozirgi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda turizm kabi yangi ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lib bormoqda.
Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan turizm salohiyatini to‘liq ochib beruvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish vaqti kelgani, mamlakatimiz turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, bu jarayonlarda televideniye va onlayn platformalar bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga 1 oktyabrga qadar “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish topshirildi va bu maqsadlarga joriy yilda 5 million dollar mablag‘ ajratilishi, auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan kamida 50 nafar chet ellik bloger uchun info-turlar tashkil qilinishi belgilandi.
Ayniqsa, sohada xalqaro darajadagi raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayoni jadallashayotgani ham ayni muddaodir. Jumladan, bu borada Shahrisabz turizm texnikumida Shveysariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga elektron viza tizimini yanada takomillashtirib, mobil ilovani ham ishga tushirish, ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish topshiriqlari berildi.
Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha vakillari va tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.
Davlat rahbarining joriy yil Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida ham turizm sohasiga doir bir qator ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, Qo‘qon universiteti faoliyati va Farg‘ona turizm halqasi loyihasi bilan tanishib, yangi o‘quv yilidan Qo‘qon universiteti turizm fakultetida Italiya, Fransiya va Shveysariya o‘quv dasturlari joriy qilinishi, xorijiy mutaxassislar olib kelinishi, Qo‘qondagi “Tepaqo‘rg‘on” arxeologik yodgorligini turistlar uchun jozibador marshrutga aylantirishga 10 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Qo‘qon aeroportidan Toshkentga har kuni, Samarqand, Buxoro va voha shaharlariga esa har hafta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Marg‘ilonga har yili 250 ming ichki va 75 ming xorijiy turist tashrif buyurayotganligi, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun mehmonxona va xizmat ko‘rsatish joylarini ko‘paytirish zarurligi, shu bois, Marg‘ilonda 5 ta mehmonxona, Shoirlar va san’atkorlar xiyoboni, Maqom teatri, 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurish topshirig‘i berildi.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston jahon turizm bozorida eng jozibador mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. Bu bir jihatdan turizm taraqqiyotiga katta e’tibor qaratilayotgani natijasi bo‘lsa, ikkinchidan yurtimizning azaldan tarixiy obidalarga boyligi, xalqimizning bag‘rikeng va mehmondo‘stligi tufaylidir. Demak, mazkur soha imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanilsa, Yangi O‘zbekistoning istiqboli uchun samarali tirgak bo‘la oladi.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.