Tuproq unumdor bo‘lsa hosil ham mo‘l bo‘ladi
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Toyir qizi Habiba” fermer xo‘jaligi 2003 yilda tashkil etilgan. G‘alla va paxtadan mo‘l hosil yetishtirish hadisini olgan fermer Habiba Vafoyeva bundan to‘rt yil oldin fermer xo‘jaligini o‘g‘liga topshirdi.
Ziyoviddin Mahamatov ham onasining tajribasi va ko‘rsatmalariga amal qilgan holda har yili qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelmoqda. bugungi kunda 88 gektar maydonning 40 gektarida bug‘doy, 48 gektariga esa chigit ekilib parvarishlanmoqda. Suv tanqisligi inobatga olinib, fermer xo‘jaligida o‘tgan yili paxta maydonining 30 gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan.
– 2020 yilda paxtachilikda 43 sentner hosil olgan bo‘lsak, o‘tgan yili suv tejovchi texnologiya qo‘llaganimizdan keyin hosildorlik 50 sentnerga yetkazildi, daromad ham shunga yarasha bo‘ldi, – deydi fermer Ziyoviddin Mahamatov. – Qolaversa, bu tizimda mineral o‘g‘itlarning eritilib suv bilan birga sug‘orish vaqtida berilishi evaziga ham mablag‘ tejaldi. Maydonda Begona o‘tlar tarqalishi kuzatilmadi. Shuningdek, texnikalarning kultivatsiya jarayonida kam ishlatilishi natijasida yoqilg‘idan, suvchilar soni qisqarishi natijasida esa ish haqi xarajatlari iqtisod qilindi. Fermerning ta’kidlashicha, 30 gektar maydonga suv tejovchi uskunalar o‘rnatish uchun 750 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan bo‘lib, har gektar maydonga 8 million so‘mdan jami 240 million so‘m mablag‘ subsidiya sifatida yo‘naltirilgan.
Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan press-tur davomida OAV vakillari fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, boshqarma huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan tuproq namunalarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– Navbahor tumanida 2021 yilda Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, 84 nafar fermer xo‘jalikning 1678 gektar maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun 36 milliard 678 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan, – deydi tuman Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Rajabov. – Shundan 57 nafar fermer xo‘jaligi tomonidan paxta ekilgan 1157,5 gektar yer maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ishga tushirganligi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi va ularga tegishli tartibda subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Qolgan fermer xo‘jaliklari tomonidan olib borilayotgan jarayon Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda. Joriy yilda esa 3000 gektar maydonga mazkur texnologiyani joriy qilish bo‘yicha manzilli dastur shakllantirilgan. Hozirda quruvchi korxonalar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida pudrat shartnomasi rasmiylashtirilib, kredit mablag‘lari ajratish uchun tijorat banklariga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
Press-tur davomida OAV vakillariga boshqarma huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan tuproqning sho‘rlanish darajasini aniqlash jarayoni ko‘rsatib berildi.
– 2021 yil kuz faslida “Toyir qizi Habiba” fermer xo‘jaligining paxta ekiladigan 23 gektar maydonining sho‘rlanish darajasi aniqlangan edi, – deydi Meliorativ ekspeditsiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Polvonov. – Natijalarga ko‘ra, 16 gektar maydon kam sho‘rlangan, 7 gektar maydon esa o‘rtacha sho‘rlanganligi aniqlandi. Berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga asosan fermer dalasida sho‘r yuvish ishlari amalga oshirildi. Hozirda sho‘rlanish darajasi o‘lchab ko‘rilganda, me’yoriy holatda ekanini ko‘rsatmoqda. Bu sho‘r yuvish ishlari belgilangan talablar asosida olib borilganligini bildiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-2021 yildagi meliorativ tadbirlar natijasida viloyatda umumiy sho‘rlangan yerlar 4800 gektarga qisqartirildi. 2022 yil boshida ekin yer maydonlaridan jami 15 ming gektar maydonning 2525 nuqtasidan 6951 dona tuproq namunalari olinib gidrokimyoviy loboratoriyada tekshirilganda 13100 gektar maydonda sho‘rlanish aniqlangan va tegishli tavsiyanoma ishlab chiqilishi natijasida sho‘r yuvish ishlari to‘liq yakunlandi. Joriy yilda umumiy qiymati 6,47 milliard so‘mlik qariyb
12 kilometr uzunlikdagi kollektorlar, 4 kilometr yopiq-yotiq drenajlar, 12 dona tik quduqlarni qurish va rekonstruksiya qilish, qariyb 11,5 milliard so‘mlik 546 kilometr uzunlikdagi kollektorlarni drenaj tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilib, 15 ming gektar maydonning meliorativ holatini yaxshilash rejalashtirilgan.
Press-tur yakunida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyatda suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-7173]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA