Tunu kun xizmatga shay xaloskorlar
Inson hayoti tasodiflarga toʻla.
Inson hayoti tasodiflarga toʻla. Bu koʻhna zamin ne-ne baloyu ofatlarni boshidan kechirmagan deysiz. Dunyoning ayrim mamlakatlarida roʻy berayotgan tabiiy va texnogen yoxud ekologik tusdagi ofatlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Respublikamiz hududini ham favqulodda vaziyatlardan xoli, deb boʻlmaydi. Tabiiy ofat qachon va qay tarzda roʻy berishini oldindan bashorat qilish ancha mushkul. Shuning uchun favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini oldindan ogoh etish muhim vazifalardan biri sifatida qaralayotgani bejiz emas. Kunu tun xizmatga shay turgan qutqaruvchi-xaloskorlarimiz bu borada ancha tajriba orttirgan deyish mumkin.
1989-yilda tashkil etilgan Tez harakat qiluvchi respublika koʻp tarmoqli markazi (THQRKTM), avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Favqulodda vaziyatlar komissiyasi tasarrufida boʻlgan. 1996-yilning mart oyidan boshlab esa FVVning ajralmas boʻgʻini sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Hozirgi vaqtda THQRKTM oʻz tarkibiga togʻ-qutqaruv, radiatsion, kimyoviy va biologik (bakteriologik) muhofaza, suvda qutqaruv, texnik-muhandislik, moddiy taʼminot va navbatchi-dispetcherlik guruhlarini biriktirgan.
Dastlab oʻz tarkibiga atigi 40 nafar qutqaruvchini olgan markaz bugungi kunga kelib yuzdan ortiq malakali, yuqori toifali qutqaruvchilarni, sifatli qutqaruv xizmati koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan maxsus avtotexnikalarni va zamonaviy oʻquv moddiy bazasini jipslashtirgan. Alalxusus, avariya-qutqaruv kuchlari faoliyati ancha jonlandi.
Markazning faoliyat koʻlami ancha keng boʻlib, respublika hududidagi oʻta muhim va toifalangan, kimyoviy, yongʻin va portlash xavfi mavjud obyektlarda hamda jamoat maskanlarida, aholi punktlarida, koʻp qavatli bino va inshootlarda, shuningdek, togʻ sharoiti hududlarida yer va qor koʻchkilari, sel va toshqin xavfi boʻlgan joylarda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish, jabrlangan aholiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, xavfsiz joylarga koʻchirish hamda avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borishga yoʻnaltirilgan.
Coʻnggi paytlarda qidiruv-qutqaruv kuchlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga boʻlgan asosiy eʼtibori ancha kuchaytirildi. Qutqaruvchilarning jangovar va kasbiy tayyorgarlik darajasi yaxshilangani, vazirlik va idoralarning fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibi shakllantirilib, ularni zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlanganiga hamda oʻquv-moddiy bazani rivojlantirishga oid qator tadbirlar amalga oshirildi.
Eng muhimi, respublikamiz hududlarida yuzaga kelgan avariyalar, halokatlar, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularda avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv ishlarini samarali va tezkorlik bilan olib borish, kuch va vositalarning doimiy jangovar holatini taʼminlash, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda yoki xavfi mavjud boʻlganda yirik ishlab chiqarish korxonalari, idora, maxsus xizmatlar, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari Tez tibbiy yordam xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar oʻzining ijobiy samarasini berayotir. Buni markaz faoliyati bogʻliq quyidagi ayrim vaziyatlarda koʻrish mumkin.
MUBOLAGʻA EMAS, AYNI HAQIQAT
1999-yilning 21-noyabrida esa “Qamchiq” dovonida roʻy bergan qor koʻchkisi natijasida tabiiy ofatdan jabrlangan oʻnlab insonlarga qutqaruv xizmati koʻrsatilib, ularning hayotini saqlab qolishga erishildi. 2000-yilning kuzida “Koʻkdumaloq” neft qazib chiqarish korxonasida yongʻin roʻy berdi. Oʻsha paytlar chet el ommaviy axborot vositalari hamma yoqqa jar solib, “Endi Oʻzbekistonda yoqilgʻi taqchil boʻladi. Olovni bartaraf etishda Rossiyadan yordam soʻrashibdi”, deya boʻhton yogʻdirgandi.
Oʻshanda ikkita yirik rezervuardan chiqqan alangani soʻndirish uchun markazning bir guruh qutqaruvchilari maxsus xizmatlar, ichki ishlar vazirligi, yongʻin xavfsizligi xodimlari bilan hamkorlikda kecha-yu kunduz ter toʻkib xizmat qilgandilar. Shunday katta yongʻinni qisqa muddat ichida bartaraf etilishini goʻyoki moʻjizaga qiyos qilsa arzigulik. Bunday xayrli va savob ishlarning har birini sanab oʻtadigan boʻlsak, ularning bu boradagi hissasi beqiyosdir.
Tez harakat qiluvchi respublika koʻp tarmoqli markazi qutqaruvchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular xizmat faoliyati davomida bir qancha qiziqarli hodisalarga duch kelishganini ham yashirib oʻtirmadi.
Ularning soʻzlariga qaraganda, 1999-yilning iyun oyida Toshkent shahrining Lisunov koʻchasi boʻylab ishga kelayotgan Temur Kamolov 9 qavatli uyning uchinchi qavati balkonida yongʻin sodir boʻlayotganiga koʻzi tushadi va oʻsha tomonga qarab yuguradi. Soʻng tutunga toʻla xonadondan 9-10 yoshlar atrofidagi qizaloqni tashqariga olib chiqadi. Oʻzi esa yongʻin avj olayotgan xonadon balkoniga qaytib kirib, uni bartaraf etadi.
Bundan koʻrinadiki, chinakam qutqaruvchilar faqat xizmatdagi navbatchilik vaqtida emas, balki yoʻl-yoʻlakay duch kelgan koʻngilsiz hodisalarga ham befarq boʻlolmaydilar. Najotkor degan sharafli nomli oqlash uchun oson emas.
– 1999-yilning oktyabr oyining oxirlari edi, – deya hikoya qiladi qutqaruvchi yigitlardan biri. – Kech soat yigirmalarda Bektemir tumani, Binokor qoʻrgʻoni yonidan oquvchi Chirchiq daryosi oʻrtasida ayrim sabablarga koʻra, botib qolgan traktorlar va unga tirkalgan ulovda 5 ta odam boʻlib, ularni zudlik bilan qutqarish zarurligi toʻgʻrisida markaz tezkor navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq boʻlgan edi. Voqea yuz bergan joyga markazimiz qutqaruvchilari, oʻt oʻchiruv va tez tibbiy yordam brigadasi yetib bordik. Haqiqatan ham, qirgʻoqdan 35 metr narida daryoning chuqur joyida 5 ta traktor va unga tirkalgan ulov botib qolgan ekan. Kuzning oxirgi oylari emasmi, havo anchagina sovuq edi. Tezkor guruh darhol shaylanib, ishga kirishdik va maxsus suzish moslamalari yordamida odamlarni zudlik bilan qirgʻoqqa olib chiqdik. Ayon boʻlishicha, Oʻrta Chirchiq tumani “Yangi turmush” jamoa xoʻjaligiga qarashli 5 ta traktor bilan Sirgʻalidagi “Vtorchermet” zavodiga temir-tersak tashilgan. Haydovchilar qaytishda vaqtni tejash va yoʻlni qisqartirish maqsadida daryodan kechib oʻtmoqchi boʻlishgan ekan.
Bu misollar Tez harakat qiluvchi respublika koʻp tarmoqli markazi qutqaruvchilarining faoliyatidan oddiy lavhalar, xolos. Tan olish kerakki, yirik ishlab chiqarish korxonalarida roʻy bergan avariyalar yoki yoʻl-transport hodisalari oqibatida sodir boʻlgan avariyalarda qutqaruvchilarimiz bir necha marta qatnashib, jabrlanganlarni mashina ichidan olib chiqdilar va yaqin oradagi kasalxonalarga zudlik bilan yetkazishda faollik koʻrsatdilar.
MASHQ VA AMALIYOT UYGʻUNLIGI
Hozirgi vaqtda markaz oʻz tarkibiga togʻ-qutqaruv, radiatsion, kimyoviy va biologik (bakteriologik) muhofaza, suvda qutqaruv, texnik-muhandislik, moddiy taʼminot va navbatchi-dispetcherlik guruhlarini jamlagan, boʻlib kechayu-kunduz xizmatga shay turishibdi. Qutqaruv xizmatini har tomonlama shakllantirish, xodimlarning kasbiy mahorati, malakasini yildan-yilga takomillashtirib borishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Markazning jangovar qobiliyatini saqlashdagi uzilmas bogʻlamlaridan biri bu radiatsion, kimyoviy va biologik (bakteriologik) muhofaza guruhidir. RKB(b)M guruhi oʻz tarkibiga 16 nafar harbiy xizmatchini va 3 birlik maxsus avtomobilni biriktirgan boʻlib, jihozlanishi va imkoniyatlari borasida respublikada eng oldi pogʻonalarni egallagan.
Markazning asosiy boʻgʻinlardan yana biri – Suvda qutqaruv guruhi boʻlib, tarkibiga tajribali qutqaruvchi-gʻavvoslarni biriktirgan. Mazkur guruh zamonaviy gʻavvoslik asbob-anjomlari bilan toʻliq taʼminlangan. Bundan tashqari, ularga barcha qutqaruv vositalari bilan jihozlangan maxsus avtomobillar ajratilgan boʻlib, yuklatilgan vazifalarni toʻliq bajarish imkoniyatiga ega. Soʻnggi yillar statistikasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, guruh shaxsiy tarkibi suv havzalarida jabrlangan aholiga yordam koʻrsatish maqsadida jami 100 dan ortiq chiqishni amalga oshirib, koʻplab insonlar hayoti saqlab qolinganligining guvohi boʻlamiz.
Markazning togʻ-qutqaruv guruhi asosiy kuchlardan biri boʻlib, u 2004-yilda tashkil etildi. Hozirgi vaqtda nafaqat markazda, balki butun tizimdagi shaxsiy tarkib soni va texnika jihatidan eng kuchli guruhlardan biriga aylanib ulgurdi.
Markaz xodimlari 1997-yilning dekabri hamda 1999-yilning yanvar oylarida “Qamchiq” dovonidagi qor koʻchkisi natijasida jabrlanganlarni qidiruv va qutqaruv, 1998-yil, may va avgust oylarida esa Chimyonda yoʻqolib qolgan sayyohlarni qidirish va qutqarish ishlarida faol ishtirok etdi. Shuningdek, 1999-yil, avgustda Abramov muzligida meteopost evakutsiyasi ishlarida, Toshkent shahridagi 1999-yil fevralida esa terrorchilik harakatlari oqibatlarini bartaraf etish hamda 2002-yil mart oyida Pskomdagi Tepar qoʻrgʻoni qor koʻchkisi natijasida qurbon boʻlganlarni qidirib topish ham qutqaruvchilarga oson kechmagan. 1998-yilning noyabr oyidagi Qumbel togʻida retranslyator montaji ishlari ham qutqaruvchilarning ishtirokisiz oʻtmadi. Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin.
HAMKORLIKDA HIKMAT KOʻP
Markaz xodimlari tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda nafaqat respublikamiz, balki MDH davlatlarida ham xaloskorlik xizmatlarini ayamadilar. Ayniqsa, Tojikistonning Konibodom stansiyasida sodir boʻlgan temir yoʻl avariyasida, Turkiyada roʻy bergan kuchli yer silkinishi oqibatlarini bartaraf etishda faollik koʻrsatdi. Turkiyaning Adapazari va Sakariya shaharlaridagi mudhish zilzila oqibatlarini bartaraf qilishda dunyoning 68 davlatidan qutqaruvchilar ishtirok etib, shundan 8 ta davlat vakillarining mehnatlari alohida eʼtirof etilgan edi. Shu sakkiz davlat orasida oʻzbekistonlik qutqaruvchilarning borligi bizni behad quvontirgandi.
Shuni alohida eʼtirof etish joizki, tabiiy ofat roʻy bergan mamlakatlarga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan joʻnatilgan insonparvarlik yuklarini jamlash, kuzatib borish va uni manzilga yetkazishda markaz xodimlarining alohida oʻrni bor. Ayniqsa, oʻtgan yillar ichida Turkiyadagi yer silkinishi, Hindistonning Gujarot shtatidagi zilzila, Ukrainadagi Karpatorti suv toshqini, qoʻshni Tojikistonning Xoʻjand va togʻli Badaxshon viloyatlaridagi sel hodisalari, Eron Islom Respublikasining Bom shahri hamda Pokiston Respublikasidagi kuchli yer silkinishidan jabr koʻrgan aholiga, shuningdek, qoʻshni qirgʻizistonlik birodarlarimizga birinchi navbatda zarur boʻlgan insonparvarlik yordamini joʻnatishda markaz xodimlari astoydil mehnat qilgandi.
Markaz shaxsiy tarkibining bir guruhi 1999-yilda Qozogʻiston, 2001-yilda Rossiya, 2002-yilda Islandiya va 2003-yilda Ruminiya davlatlarida oʻtkazilgan yirik xalqaro taktik-maxsus oʻquv mashqlarda faol qatnashdi. Bundan tashqari, AQSH, Germaniya, Xorvatiya, Fransiya davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda tajriba almashish yigʻinlarida ishtirok etib, oʻz tajriba va malakalarini yanada oshirishga muvaffaq boʻlganlar.
SHAROIT YETARLI BOʻLGACH...
Ortda qolgan oʻttiz yil davomida markazda avvalambor, oʻquv moddiy bazasi yangitdan, zamon talabiga muvofiq shakllandi, avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv asbob-anjomlari, yuqori oʻtish qobiliyatiga ega boʻlgan avtomobillar, oʻta zamonaviy aloqa vositalari bilan taʼminlandi. Barcha shart-sharoitlarga ega boʻlgan ikki qavatli bino, sport zal, sport maydonchasi, dam olish xonalari, “Maʼrifat” xonasi, har bir guruhga alohida mashgʻulot sinflari, kutubxona, oshxona va boshqa obyektlar, qutqaruvchilarning samarali va unumli faoliyat koʻrsatishlari uchun qulay zamin yaratmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini oʻta harakatchan, mobil, puxta va ixcham armiya sifatida shakllantirish borasida olib borayotgan saʼy-harakatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligining, jumladan Tez harakat qiluvchi respublika koʻp tarmoqli markazining faoliyatida ham oʻz isbotini topayotgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Ana shu begʻaraz xaloskorlik xizmatlari tufayli bir guruh qutqaruvchilarimiz davlatimizning orden va medallariga sazovor boʻldilar. Bu – shubhasiz, aholi muhofazasi yoʻlida tinim bilmay ishlayotgan yosh va gʻayratli yigitlarimizning oʻz vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotganliklaridan dalolat beradi.
– Qutqaruvchilarimizning yarmidan koʻpi istiqlol farzandlaridir, desak xato boʻlmaydi, – deydi markaz komandiri podpolkovnik Shuhrat Azimov. – Qutqaruvchilar yangicha fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, atrof-olamga tiyrak nigoh bilan boqadigan oʻktam, kuch-gʻayratga toʻla yoshlardir.
Ha, qutqaruvchilik oʻta masʼuliyatli va shu bilan birga sharafli va xayrli kasbdir. Mardlarga xos boʻlgan savob ishlarni sidqidildan ado etayotgan qutqaruvchilarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Azamat SUYUNOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi aʼzosi.