Tungi klublarga reyd o‘tkazildi
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorlikda joriy yilning 8-9 fevral kunlari maxsus reyd tadbirlarini o‘tkazdi.
Tungi ko‘ngilochar maskanlar rahbarlari, ishchi-xizmatchilari va mijozlarga nisbatan jami 59 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shu bilan birgalikda 3 ta jinoiy holat aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Xususan, 10 ta holatda Urganch shahridagi “Sharq”, “Mandarin”, “Tuman”, “Luna”, “VIP” va “Pantera” klublari rahbarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasi 2-qismi, ya’ni voyaga yetmagan shaxs ko‘ngil ochish joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish, 49 ta holatda esa, kodeksning 165-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

Urganch shahri, Urganch va Yangibozor tumanlarida “Bagatiy” klubida 14 nafar, “Komfort saxara” klubida 5 nafar, “Sharq” klubida 3 nafar, “Nurik” klubida 7 nafar, “Luna” klubida 5 nafar, “Amerika” klubida 4 nafar, “Mir”, “Tuman”, “VIP”, “Saxara” va “Mandarin” klublarida 2 nafardan hamda “Pantera” klubidan esa 1 nafar litsenziyasiz raqqosalik va boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish holatlari bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Urganch shahridagi “Bogatiy” klubi ish yurituvchisi– Urganch shahrida yashovchi 21 yoshli fuqaro ushbu klubda raqqosalik bilan shug‘ullanib kelayotgan Toshkent shahrida yashovchi 20 yoshli va Urganch shahrida yashovchi 21 yoshli ayollarni bir kun davomida erkaklar bilan jinsiy yaqinlik qildirish maqsadida 200 AQSH dollari hamda 1 million 300 ming so‘mga, ya’ni 300 AQSH dollariga hisoblab sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Tadbir davomida shu kuni “Iko bar” nomli tungi klub ish yurituvchisi, Urganch shahrida yashovchi 35 yoshli fuqaro ushbu tungi klubda raqqosalik bilan shug‘ullanayotgan Urganch tumanida yashovchi 2 nafar, ya’ni 31 va 23 yoshli ayollarni erkaklar bilan yaqinlik qildirish maqsadida 2 million 200 ming so‘mga sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Shuningdek, Yangibozor tumanida joylashgan “Nurik” tungi klubida mijozlarni jalb qilish maqsadida u yerda raqqosalik bilan shug‘ullanayotgan qizlarga har-xil turdagi “shou”larni ko‘rsatishlari uchun giyohvandlik vositalarini iste’mol qildirib kelayotganligi bo‘yicha olingan tezkor ma’lumotga asosan tezkor tadbir tashkil etildi. Natijada ushbu tungi klub ish yurituvchisi Yangibozor tumani Jayxun mahallasida yashovchi 21 yoshli fuqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatib turgan bardagi stol tagi ko‘zdan kechirilganda giyohvandlik moddasi, shuningdek, 2 dona bita, 2 dona pichoq va 1 dona elektroshoker borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Urganch shahrida faoliyat olib borayotgan “ASA” tungi klubiga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tekshiruv jarayonlari uchun borgan vaqtida klubda soqchi bo‘lib ishlovchi 27 yoshli fuqaro xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan. Ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tomonidan ushbu fuqaroning xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi. Unga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194 va 195-moddalariga asosan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Reyd tadbirlari davomida Urganch shahrida yashovchi 32 yoshli fuqaro o‘z uyi oldida xodimlar tomonidan to‘xtatilib tekshirilganida uning yonida giyohvandlik moddasi topilgan. Fuqaroning kiyimi va yashash uyida 52 gramm geroin va 48 gramm opiy giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi.
Shu kunlarda yuqoridagi holatlar bo‘yicha tergov jarayonlari olib borilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/opl00eYVxl0?si=Tn4NvuioCUsFB1Rh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (video),
O‘zA muxbirlari