O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida atoqli jadid bobolarimiz hayotiga bag‘ishlangan «Tunda yo‘qolgan yulduzlar» spektaklining repetitsiya jarayonlari boshlandi.
Unda o‘zbek adabiyoti va tarixida unutilmas iz qoldirgan jadid bobolarimiz Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonovning Ona Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi harakatlari aks ettirilgan. Shuningdek, spektaklda qatag‘on yillardagi sotqinlik va xiyonatlar, mustabid tuzumning illatlari juda ta’sirchan tarzda ochib berishga harakat qilinyapti.
Ushbu spektaklning muallifi va postanovkachi rejissyori – Shuhrat Ibrohimov, rassom – Yevgeniya Biserova, dekorator – Sardor Atabayev, musiqa tanlovchi – Bahodir Zokirov.

– Pesani o‘qiganimda juda ta’sirlandim, – dedi O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri adabiy bo‘lim mudiri Dostonbek Rahmatullayev. – Shuhrat Ibrohimovning nafaqat postanovkachi rejissyor, balki dramaturg sifatida ham mahorati oshib bormoqda. Jadidlar haqida sahna asari yaratishda ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqdi, muzeylarga borib izlanishlar olib bordi. «Tunda yo‘qolgan yulduzlar» spektakli o‘z tomoshabinlarini topadi va sahnada uzoq yashaydi.
Spektakldagi rollarni aktyorlar Abduma’ruf Qodirov, Yo‘ldosh Ermatov, Yodgora Ziyomuhammedova, Shamsiqamar Mansurova, Raim Usmonov, Shavkat Isroilov, Sherzod Bozorov, To‘lqin Xolmurodov, Abdulloh Ismoilov va boshqalar ijro etmoqda.
Hozirda asarning ustida qayta ishlash jarayoni tugab, repetitsiya va dekoratsiya yasash ishlari boshlangan.
N.Usmonova, O‘zA