“Tumaris.Expo” – tadbirkor ayollar uchun yana bir imkoniyat
“Astrum” IT Akademiyasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va IT-Park hamkorligida tashkil etilgan "Tumaris.Expo" Markaziy Osiyo startap ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ayol tadbirkorlari boshchiligidagi 20 ga yaqin innovatsion-texnologik startap loyiha taqdim etildi.
2022 yil fevral oyida Markaziy Osiyoda ishga tushirilgan yirik loyiha - “Tumaris.Tech” dasturida axborot texnologiyalari sohasida ishlayotgan qizlar uchun xakatonning 2-bosqichi o‘tkaziladi. Xakatondan tashqari yil davomida tashkilotchilar dastur ishtirokchilariga inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari orqali muayyan g‘oyani yuqori sifatli biznes mahsulotiga aylantirishda yordam berdilar. Har tomonlama qo‘llab-quvvatlangan loyihalar ko‘rgazmada namoyish etildi.

Qayd etilishicha, “Tumaris.Tech” tadbirkor ayollarga biznesni tashkil etish va rivojlantirish uchun zarur ko‘nikma, bilim va resurs berish orqali ularni IT sohasiga jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Loyiha zamirida mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy rivojlanish va gender tenglikni ta’minlash maqsadi ham yotibdi. Ayni jarayonda 2020 yildan boshlab USAID ko‘magida 70 ga yaqin mahsulot prototipi yaratilib, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari orqali yanada rivojlantirish uchun 115 ta boshlang‘ich loyiha tanlangan.

- XXI asr ko‘plab kasblarda gender chegarasini yo‘qqa chiqarmoqda, - deydi USAID O‘zbekistondagi missiyasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassisi Sanobar Xudoyberganova. - Ilgari asosan erkaklar band bo‘lgan IT sohasida bugun xotin-qizlarimiz ham yuqori natijaga erishmoqda. Jumladan, “Tumaris.Tech” loyihasi ham Markaziy Osiyo qizlarini mintaqaviy ayollar IT hamjamiyatiga birlashtirish, jamoada murabbiylardan ko‘mak olish, loyihani boshlash uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Jarayonda ishtirokchilarning biznes haqidagi tushunchasi oshadi, ularda eng murakkab g‘oyalarni ham hayotga tatbiq eta olish uchun bilim va ko‘nikma shakllanadi, sun’iy idrok va elektron tijorat sohasidagi tendensiya haqida ma’lumot hosil bo‘ladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA