Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida ishsizlik darajasi 3,1 foizga tushdi. Bu shunchaki raqam emas — uning ortida har bir ishga joylashgan fuqaro, barqaror daromadga ega bo‘lgan oila, eng muhimi, izchil islohotlarning amaliy natijalari turibdi.
Bu haqda tumanda aholi bandligi, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjumanga tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev rahbarlik qildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda faol jamoatchilik ishtirok etishdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 81 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 29,3 ming nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi, shundan 27,6 ming nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega. 2025 yil boshida ishsizlik darajasi 5,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 3,1 foizgacha pasayishiga erishildi. Ishsizlar soni 913 nafargacha kamaygan.

Bu natijalarga mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini zamonaviy kasblarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali erishilmoqda. Jumladan, 14 568 nafar ishsiz fuqaroning 8 594 nafari ishga joylashtirildi.
Joriy yilda 755 nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, shuning 665 nafari birinchi yarim yillikda malaka oshirdi. Ular uchun keyinchalik ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi ham nazoratga olingan.

Yarim yilda 803 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich belgilangan rejadan yuqori. Kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida manzilli yondashuv asosida kam ta’minlangan oilalar a’zolari mehnat faoliyatiga keng jalb etilmoqda. 2025 yilda shunday 1 082 ta oilaning 5 389 nafar a’zosini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, shu kunga qadar 590 ta oiladan 2 931 nafar fuqaro bandlikka erishdi.
Bu jarayonda Prezidentning 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan tashkil etilgan hokim yordamchilari instituti ham muhim rol o‘ynamoqda. Ular tomonidan aholining ehtiyojlari o‘rganilib, maqsadli yechimlar taklif qilinmoqda.
Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash doirasida joriy yilda 813 ta mikroloyiha uchun 11,4 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Yanvar–may oylari mobaynida 700 ta loyiha amalga oshirilib, 1 402 nafar fuqaro bandlikka ega bo‘ldi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri