Tuman hokimidan xayrli tashabbus
Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzilloyev tashabbusi bilan 30 nafar bolajonlarning sunnat to‘ylari o‘tkazildi.
Tantanaga bolajonlarning oilasi uchun ko‘rkam dasturxon yozilib, ularning ota-onalari va yaqinlari taklif etildi. Bolajonlarning shodon kulgilari tadbirga xursandchilik ulashdi. Sunnat to‘ylarini nishonlayotgan bolajonlar uchun sovg‘a sifatida 30 ta velosiped hamda sarpo kiyimlari olib berildi.
Tuman hokimi shodiyona sababchilari va ularning ota-onalarini muborakbod etdi.
–Bolajonlarimiz ertangi kunimiz egalari, – dedi A.Fayzilloyev. – kelajakda ular orasidan shifokorlar, o‘qituvchilar, dasturchilar, chegaramiz posbonlari, umuman yurtimiz rivoji uchun xizmat qiladigan insonlar yetishib chiqishiga ishonamiz.
Tadbir davomida tuman imom xatibi bolajonlarning kelajakda barkamol, komil shaxs bo‘lib yetishishini tilab haqlariga qur’on tilovat qildi. Tuman madaniyat xodimlari, xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Zarif Komilov, O‘zA