Tuman hokimi so‘xlik talabalar bilan uchrashdi
Farg‘ona viloyati So‘x tumani yurtimizning eng chekka va anklav hududi hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, barcha sohalarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash doimiy e’tiborda. Birgina 2020-2021 yil o‘quv yili uchun davlatimiz rahbarining qarori asosida oliy ta’limga kirishga ajratilgan 500 ta kvota so‘xlik yoshlar uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining bayoniga asosan 2021-2022 o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlaridan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida So‘x tumani uchun xalq ta’limi sohasiga ham o‘rin ajratilgan.

Ayni paytda Qo‘qon davlat pedagogika institutida 200 nafardan ortiq so‘xlik talaba tahsil olmoqda. So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev mazkur oliy ta’lim muassasasida ana shu yoshlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qildi. Uchrashuvda hokim bilimli inson, yaxshi mutaxassis hayotda o‘z o‘rnini topishini ta’kidlab, tuman uchun malakali kadrlarga ehtiyoj katta ekanligini bildirdi.

bugungi kunda talabalar orasida iqtidorlilari ko‘p. Tarix fakulteti 2-bosqich talabasi Rahmonjon Kimsanboyev Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida bo‘lib o‘tgan MDH (Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi) miqyosida o‘tkazilgan “Luchshiye molodыye uchyonыye – 2021” tanlovining tarix yo‘nalishi buyicha tayyorlagan ilmiy ishi bilan ishtirok etib, faxrli birinchi o‘ringa munosib deb topilib, oltin medal bilan taqdirlandi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarga taalluqli barcha dolzarb masalalar keng va to‘laqonli qamrab olindi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, yangi g‘oya va tashabbuslari, muammolari yuzasidan tuman hokimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, savollariga javob oldi.
M.Sulaymonov,
O‘zA