Tul qishlog‘ida “Do‘stlik” bozori ochildi (+video)
Qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi hududi ichkarisida joylashgan O‘zbekiston So‘x tumanining Tul qishlog‘i markazdan 30 chaqirim pastki qismda. Uning bir yoni Tojikiton, bir yoni Qirg‘iziston, ya’ni daryoning narigi qirg‘og‘ida qardosh birodarlar yashaydi. “Do‘stlik” ko‘prigi ularni bog‘lab turadi. Yaqinda bir nuqtada tutashgan uch xalqning orzulari ro‘yobga chiqdi. So‘x daryosi bo‘yida, O‘zbekistonning Tul qishlog‘i hududida bozor ochildi.
– 12 milliard so‘m kredit olib bozorni qurdik. 300 ta do‘kon bor. Bundan tashqari, 200 savdo o‘rinli yopiq joy ham qilganmiz, – deydi bozor boshqaruvchisi Odiljon G‘anijonov. – Hozircha xaftada bir kun bozor bo‘lyapti. Unga 5 mingdan ziyod odam kelmoqda. Bahorga chiqqach 100 tonnalik sovuqxona ham quramiz, bozor esa har kuni ishlaydi.

Bozor barcha me’yoriy talablarga javob beradi. Har bir savdo nuqtasi yo yengil konstruksiyali qurilma ichida yoki ixtisoslashgan yopiq tom ostida. Bunday sharoit aholi uchun ham qulay edi.
– Suv omboridan quyida 20 mingdan ortiq aholi yashaydi. Daryoning narigi betidagi qirg‘iz qishloqlarida 10 ming aholi bor. Bu bozor ana shu 30 ming aholiga xizmat qilyapti, – deydi Tul qishlog‘idan bo‘lgan Hamroli Haydarov. – Ilgari Qo‘qonga, Rishtonga, 30 km uzoqlikdagi So‘x markaziga bozor qilish uchun borar edik. Hozir esa bozorimizda xalq o‘zi yetishtirgan va tadbirkorlar keltirgan mahsulotlarni sotishyapti. Xalqimiz Prezidentimiz va davlatimizdan minnatdor.

Tuldagi “Do‘stlik” bozorida savdo-sotiqdan tashqari uch millat vakillari o‘zaro suhbatlashadilar. Quda-andachilik maslahatlari ham bo‘ladi. Mehmondorchilikka kelishadi. Bozor hamma uchun qulay makon bo‘lib qoldi.
– Men Botken rayonining Oqtom qishlog‘idanman. Daryoning narigi betida yashayman. Ota- bobolarimiz –u qirg‘iz, tojik, o‘zbek bo‘lsada, bir biri bilan qo‘shnichilik va savdo- sotiq qilgan. Biz hammamiz shu So‘x daryosidan suv ichganmiz, – deydi Mo‘minali Ortiqov.

– Bozorning ochilgani yaxshi bo‘ldi. Bemalol kelib- ketyapmiz. O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlariga rahmat, – deydi yana bir Qirg‘iziston fuqarosi Alijon O‘zbekov.
– Sharoit juda yaxshi. Hudud asfalt qilingan. Oyog‘ingiz qishda ham loy bo‘lmaydi, – deya hamrohi fikrini quvvatlaydi Mo‘minjon Ortiqov.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hzdmyPBcq_U" title="Tul qishlogʻida “Doʻstlik” bozori ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yana bir gap. Tuldagi bozorni dehqonlar bozori deyish mumkin. Shuning uchun ham eng arzon tog‘ olmasi, o‘rik, devzira guruch va giyohli yaylovlarda boqilib so‘yilgan mol va qo‘y go‘shtini aynan shu yerdan topasiz.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video),
O‘zA muxbirlari