Tug‘ma va orttirilgan ortopedik nuqsonlar bartaraf etiladi
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bolalardagi tug‘ma va orttirilgan ortopedik nuqsonlar eng zamonaviy tibbiy jarrohlik amaliyotlari orqali davolanmoqda.
– Markazimizda 60 o‘rinli bolalar ortopediya bo‘limi faoliyat yuritadi, – deydi markaz bosh shifokori o‘rinbosari Dilshod Rahmonov. – Bo‘lim bolalarda uchraydigan tug‘ma va orttirilgan ortopedik nuqsonlarni davolash bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Bemorlarga zamon talablariga mos zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Jumladan, shu paytgacha xorijda amalga oshirilgan bolalar ortopediyasi bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyotlarini mahalliy mutaxassislar ishtirokida ushbu bo‘limda bajarishni yo‘lga qo‘ydik. Bunda orttirilgan va tug‘ma ortopedik nuqsonlar, ya’ni barmoqlarning bir-biriga yopishgan holati, kuyish yoki kesilish oqibatidagi chandiqlarning o‘sish davomidagi ta’sirida barmoqlarning kalta bo‘lib qolishi, fiziologik harakatlarning cheklanishi bilan bog‘liq nuqsonlar zamonaviy usuldagi jarrohlik amaliyotlari bilan bartaraf etilmoqda.
Bunday murakkab jarrohlik amaliyotini bajarish uchun markaz mutaxassislari xorijda malaka oshirib keldi. Ilk bor amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotlari Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligining G.I.Turner nomidagi bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi milliy tibbiy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Sergey Golyana bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Orttirilgan ortopedik nuqsoni bor 6 nafar bemorda xorijlik mutaxassis ishtirokida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
[gallery-6495]
– Nabiram olti oyligida kuyib qolgan edi, – deydi samarqandlik Umaro Baxronova. – Vaqt o‘tgan sari qo‘l barmoqlari harakatlanmay, kalta bo‘la boshladi. Bir yarim yasharligida operatsiya qilingan edi. Ammo qo‘llari to‘liq harakatga kelmadi. Ushbu markazda xorijlik mutaxassislar tomonidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini eshitib, shifokorlarga murojaat qildik. Operatsiyadan keyin hozir nabiramning holati yaxshi, barmoqlari to‘liq harakatlanadi, deyishyapti.
– Shu paytgacha orttirilgan ortopedik nuqsonlarni davolash uchun bemorda an’anaviy jarrohlik amaliyotlari bir necha marta o‘tkazilar edi, – deydi markazning ikkinchi ortopediya bo‘limi boshlig‘i Mo‘min Narziqulov. – Afsuski, shunda ham bukilgan barmoqlarning fiziologik harakati to‘liq tiklanmasdi. bugungi zamonaviy jarrohlik amaliyotlaridan keyin bemorlarimizda fiziologik harakat to‘liq tiklanib, ularning kosmetik holati ham samarali bo‘ladi, qo‘pol chandiqlar kuzatilmaydi.
Markazda ayni paytda bolalar ko‘krak qafasi, oyoq-qo‘llar deformatsiyasi, potologiyasida qon-tomirlarda amalga oshiriladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari ham mahalliy mutaxassislar tomonidan samarali o‘tkazilmoqda.
G‘.HASANOV,A.ISROILOV (surat), O‘zA