Markaziy bank va tegishli tashkilotlar tomonidan 2 ta yangi – “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi va “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Har ikkala qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar tajribasi, olimlarning fikrlari batafsil o‘rganib chiqildi.
“Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bir qator yangiliklar mavjud. Jumladan, bankni sanatsiya qilish to‘lovga qobiliyatsiz bankni boshqarishning usuli ekanligi ko‘rsatilib, bankni sanatsiya qilishda tizimli moliyaviy inqiroz vujudga kelishining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini kamaytirish, omonatchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, muayyan bankni sanatsiya qilish uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratishni maksimal darajada qisqartirish taklif etilmoqda.
“Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy jihatlari, ya’ni sanatsiya qiluvchi organ va sanatsiya bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash manbalari, sanatsiya qilinadigan bankka likvidlilikni taqdim etish shartlari oydinlashtirilmoqda, sanatsiya qilish asoslari aniqlashtirilib, sanatsiya qilish vositalari ko‘rsatib o‘tilmoqda.
“Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida banklardagi omonatlarni kafolatlash fondining tashkiliy tuzilmasini va vakolatlarini belgilash, kafolatlanadigan omonatlar qamrovi va miqdorini oydinlashtirish, barcha banklarning fondga a’zo bo‘lishi lozimligi, banklarni sanatsiyalashda fond mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini yaratish, omonatlarni fond tomonidan to‘lab berilishi munosabati bilan omonatchilarning bankdan ustuvor ravishda talab qilish huquqini fondga o‘tkazish, fondga to‘lab berilishi lozim bo‘lgan mablag‘lardan to‘langan badallarni chegirish amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.
–Yangi qonun loyihasida kompensatsiya to‘lab berilishi uchun talab etiladigan vaqtni sezilarli qisqartirish nazarda tutilmoqda, – deydi Markaziy bank departamenti direktori Sanjar Nosirov. – Omonatchilarga kompensatsiyaning zudlik bilan to‘lab berilishi bank tizimidan omonatlarning ommaviy chiqib ketishining oldini oladi. Agentlik 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran yigirma ish kuni ichida tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida to‘rtdan uch qismiga kompensatsiya olish imkoniyatini ta’minlaydi. 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o‘n besh ish kuni ichida ta’minlaydi. Bunda tugatuvchi agentlikka ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan reyestrni sakkiz ish kuni ichida taqdim etadi. Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada agentlik kompensatsiyani haqiqatda to‘lashidan qat’i nazar omonatchilarning tugatilayotgan bankka bo‘lgan talablari kafolatlangan omonatlar summasiga teng miqdorda agentlikka o‘tadi. Agentlikning tugatilayotgan bankka bo‘lgan talablarini qanoatlantirish “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan talablarni qanoatlantirish navbatiga muvofiq amalga oshiriladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/P2BGaPLOIe0" title="Tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida to‘rtdan uch qismi kompensatsiya olishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA