16 avgust – Abu Ali ibn Sino tavallud topgan kun(rukn)
Sharq tamaddunining porloq yulduzlaridan biri, Shayxurrais Abu Ali ibn Sino haqida so‘z ketganda, avvalo, uning tibbiyot va falsafa qo‘shgan hissasi xayolimizga keladi. Uning tib, falsafa, ilohiyot, matematika, musiqa, adabiyot, til, mantiq kabi yo‘nalishlarda yozgan asarlari chuqur o‘rganilishi bugungi kunda dolzarb masala. Zero, uning ijodiy merosi 479 ta asarga jo bo‘lgan. Dunyoni ilm va tafakkur orqali zabt etgan alloma asarlari ko‘p qirrali, shu bois ham ularning yangi jihatlari kashf qilinmoqda.
Hayotini turli o‘lkalarga ko‘chib o‘tkazgan olim ilmdan, ijoddan aslo to‘xtamagan. Buxoroda u tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, Hamadon shahrida uning xoki qolgan. Isfahon shahrida esa alloma dars bergan madrasa mavjud.
Asarlari nafaqat o‘zbek, balki dunyoning ko‘p tillariga tarjima va tadqiq qilingan. 5 jilddan iborat “Tib qonunlari” o‘zbek tilida uch marta nashrdan chiqqan hamda tibga oid qarashlari saralanib, “Tibbiy o‘gitlar” nomi bilan kitob shaklida e’lon qilingan.
“Hay ibn Yaqzon” (“Uyg‘oq o‘g‘li Tirik”), “Qush hikoyati”, “Salomon va Ibsol” kabi qissalari, “She’r san’ati” risolasi hamda “Tarjimai hol” asari Abdusodiq Irisov tomonidan tarjima qilingan. “Fonetika haqida risola”si tarjimasi ham amalga oshirilgan. Ibn Sinoning falsafa ilmiga bag‘ishlangan “Azhaviya” risolasi “Yorug‘lanish” nomi bilan Mahkam Mahmudov va Zayniddin Bahriddinov tarjimasida 2017 yilda “Jahon adabiyoti”da e’lon qilindi. “Ishq haqida risola” asari ham ular tomonidan tarjima qilingan.
Eng e’tiborlisi, u so‘z san’ati ustasi sifatida badiiy adabiyotni ham chetlab o‘tmagan, insoniy tuyg‘ularini badiiy so‘z orqali ifodalagan. Abu Ali ibn Sino she’riyat orqali didaktik va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini bayon etgan. Uning adabiy merosi o‘rganilishi nafaqat o‘zi haqida, balki u yashagan davr adabiyoti va madaniyati haqida ham ko‘p material beradi. She’riyat va aruz haqida adabiyotshunoslik nuqtai nazarini bayon etgan olim she’rlar yozib, bu borada ham yutuqlarga erishgan.
Alloma she’rlaridan namunalar darsliklarga kiritilgan. Shoislom Shomuhamedov, Jamol Kamol, Abdusodiq Irisov, Ergash Ochilov uning g‘azallari, ruboiylari, qit’a va fardlari hamda tibbiyotga oid nazmiy parchalarini tilimizga o‘girgan.
Ibn Sino hayoti va asarlari haqida turli yo‘nalishda maqolalar yozilgan, monografiyalar e’lon qilingan. Abdusodiq Irisov “Ibn Sinoning “Salomon va Ibsol qissasi” nomli risola yozib, qissaning tarjimasi bilan birga nashr ettirgan edi. Ushbu olim bundan keyin Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodi bilan jiddiy shug‘ullanib, “Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodiy merosi” monografiyasini e’lon qilgan. Bu asarda shayxurraisning bilim va zakovati, salmoqli ilmiy merosi haqida qimmatli fikrlar mavjud.
Adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov Sharq va G‘arb olimlari ijodini taqqoslab, ularning bir-biriga ta’sirini ko‘rsatib bergan hamda Sharqda so‘z san’ati alohida e’tiborga molik ekanini ta’kidlagan. U “Tafakkur karvonlari” asarida bir faslni Ibn Sino va Dantega bag‘ishlab, Sharq olimining Dante tafakkuriga ta’sirini chuqur falsafiy tahlillar asosida yoritib bergan. Hatto muallif bunday xulosaga kelgan: “Buyuk italyan shoiri ba’zan Arastu va Ibn Rushd bilan munozaraga kirishib, ularning ayrim qarashlarini rad etadi. Ammo ibn Sino qarashlariga hech bir e’tiroz bildirmaydi”. Ushbu olim: “Ulug‘ Ibn Sino Sharqda falsafiy she’riyatni boshlab bergan allomadir”, degan xulosaga kelgan.
Ibn Sino asarlarining ko‘plab qo‘lyozma nusxalari dunyoning nufuzli kutubxonalarida saqlanadi.
O‘zbekistondagi Ibn Sino jamoat fondi alloma asarlarini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha keng qo‘lamli ishlar olib bormoqda. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan alohida bo‘lim ajratilgan. Unda olimning ilmiy merosi qo‘lyozmalari, ilmga kiritgan yangi kashfiyotlari namunalari qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Allomaning adabiy merosini shartli ravishda ramziy qissalar va esdaliklar hamda turli janrdagi she’rlarga ajratish mumkin. Ramziy qissalarini o‘rganish shuning uchun ham ahamiyatlidirki, uning falsafiy qarashlari mag‘zi shu asarlarda mujassam bo‘lgan.
Muallif Fardjon zindonida bo‘lgan davrda yozgan “Qush hikoyati” qissasidan ta’sirlanib, Muhammad G‘azzoliy, Suhravardiy, Attor shu asosda asarlar yaratganlar. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni genezisini aynan shu asar tashkil etadi.
Shuningdek, “Hay ibn Yaqzon” (“Uyg‘oq o‘g‘li Tirik”) risolasi ham Fardjon zindonida yaratilgan. Shayxurraisning shogirdi Abu Mansur ibn Tohir ibn Zila ushbu asarni arab tilidan tarjima qilib, unga mukammal sharh ham ilova qilgan.
Ibn Sinoning tugallanmay qolgan asari —“Tarjimai hol”(“Sarguzasht”) uning shogirdi Juzjoniy tomonidan yakunlangan. Unda Shayxurraisning bolaligidan boshlab vafotigacha bo‘lgan voqea-hodisalar qisqa tarzda tasvirlangan.
Alloma ijtimoiy-falsafiy qarashlari xulosasini bayon etish uchun lirik janrlardan foydalangan. O‘quvchi uning she’riy to‘plamlarini o‘qir ekan, ijtimoiy-falsafiy, didaktik, ishqiy va hasbi hol mavzulariga bag‘ishlangan she’riy parchalarga duch keladi.
Falsafiy dunyoqarashi qaymog‘ini tashkil etadigan she’riy parchalar muallifning boy tafakkuri mahsulidir. Hikmatli she’rlarini o‘qir ekanmiz, ko‘zimiz o‘ngida yetuk faylasuf va jasoratli shoir gavdalanadi. U oliy maqsadi yo‘lida hech narsa to‘siq bo‘la olmasligini bayon qilgan va ma’naviy kamolot yo‘lida o‘zi namuna bo‘lgan. She’rlari hayoti va tafakkur tarzidan xabar berib turadi, ya’ni misralarda keltirilgan go‘zal namunalar boshqa joylarda aytilgan hikmatli so‘zlari bilan hamohang chiqqan.
Xo‘sh, shunday ekan, nima uchun ko‘pchiligimiz uni faqatgina tibbiyotva falsafaga qo‘shgan hissasi bilan esga olamiz? Boisi, alloma xalq ichida hakim yoki faylasuf sifatida tanilgan.
Shoirlik mahorati esa ko‘p ham ko‘zga tashlanmagan. Umar Xayyom ham yashagan davriga yaqin yozilgan manbalarda biror joyda shoir deb keltirilmagan. Bu bilan u shoir emas, deb hukm chiqarib bo‘lmaydi.
Ruboiy janrining o‘ziga xos xususiyati shundaki, birinchi va ikkinchi satrlarda biror masala ko‘tariladi va uchinchi hamda to‘rtinchi misralarda fikrlar xulosasi jamlanadi. Bunday uslub esa turli falsafiy fikrlarni bayon qilishga qo‘l kelardi. Ibn Sinoga mansub ruboiylarni o‘qiganda, aynan shu xususiyatlar mujassam ekanini payqash mumkin.
Alloma ruboiylarining ayrimlari mashhur bo‘lgan. Ruboiylar turli mavzularni qamrab olgan: dunyoning bebaholigi, ma’naviy kamolot, ishq jozibasi va ahamiyati, hasadning yomonligi va hokazo. Har doim shoir ruboiyning oxirida xulosaviy fikrini keltiradi. Ya’ni, har bir ruboiyda mavzu turlicha bo‘lishi mumkin, ammo masalani o‘rtaga tashlab, unga yechim topish uslubi o‘xshash. Xayyomning falsafiy ruboiylari shakllanishiga Ibn Sinoning she’rlari turtki bo‘lgan. Shayxurrais ijodida ayrim ruboiylar mavjudki, Xayyomning badiiy ijodi ular atrofida aylanadi. Shuning uchun falsafiy ruboiylar, asosan, Ibn Sinoda shakllangan bo‘lsa, Xayyom ijodida o‘z cho‘qqisiga yetdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ibn Sinoning sanoqli qit’a va ruboiylari necha yuz yildan beri xalq xotirasida saqlanib kelmoqda. Quyidagi ruboiy shular jumlasidan:
Qaro yer qa’ridan to avji Zuhal
Koinot mushkulin barin qildim hal.
Ko‘p mushkul tugunin angladim, yechdim,
Yechilmay qolgani birgina ajal.
(Abdusodiq Irisov tarjimasi)
Abu Ali ibn Sino tabib sifatida barcha kasalliklarning davosini topgan bo‘lsa ham, o‘limga hech qanday davo yo‘qligini anglab yetdi. Alloh bashariyatga ko‘p imkoniyatlar berdi, u barcha sohalarda yangi kashfiyotlarga erishdi, ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan yuksaldi, lekin oxiri o‘lim oldida ojiz qoldi. Bu esa inson hayoti Xoliqning irodasiga bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Ibn Sino ma’naviy kamolotga erishishni eng asosiy vazifa deb belgilagan. “Qush hikoyati” asarida: “O‘z kamolotiga erishmagan kishi dangasadir”, deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, vaqt o‘lchab berilgan, dunyo vaqtincha yashash uchun mo‘ljallangan manzil, bu yerga kelib, kamolotga erishish oliy maqsad hisoblanadi.
Allomaning bir qit’asida quyidagi satrlarga duch kelinadi:
Jon agar bir shisha bo‘lsa, ilm–bir yonguvchi sham,
Hikmati insonni bilgil ul charog‘da lampayog‘.
(Shoislom Shomuhamedov tarjimasi)
Yuqoridagisatrlar“Nur”surasi mazmunidan ilhomlanib yozilgan. Chunki allomaning o‘zi “Nur”surasi 35-oyati tafsirida: “al-misboh” (chiroq) so‘zidan maqsad ilm va iymon nuridir”, deb ta’kidlaydi.
Muallifning bir qit’asida inson aqli bilan ko‘p narsaga erishishi mumkin, aks holda tubanlikka tushib qoladi, degan ma’no mujassam. Alloma insonning asosiy quroli bilim va aql-tafakkur ekanini hisobga olgan holda insoniyatni ma’naviy kamolotga chorlaydi. Uningcha, komil aql insoniyatni har qanday nojo‘ya ehtiros va g‘aflatdan qutqaradi. Insonga berilgan umr nihoyatda qisqa, u bir oz muddatdan keyin Zunnun (Yunus alayhissalom) baliq qorniga tushgani kabi taqdir komiga tushib yo‘q bo‘ladi. Shuning uchun aqlni to‘g‘ri ishga solish va vaqtdan unumli foydalanish masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan.
Oxirgi vaqtlarda Ibn Sino qalamiga mansub yangi qit’a va ruboiylar aniqlangan. Ular orqali allomaning falsafiy-ijtimoiy qarashlaridan xabardor bo‘lish imkoni tug‘iladi. Yangi topilgan she’rlar bilan hisoblaganda, Ibn Sinoning fors tilidagi lirik she’rlari 4 ta g‘azal, 8 ta qit’a, 40 ta ruboiy va 3 ta farddan iborat. Umumiy tarzda muallifning arab tilidagi she’rlaridan tashqari 141 bayt nazmiy merosi mavjud ekani aniqlanadi.
Ibn Sino she’rlarining mukammal nashri hali chiqmagan. Bu borada izlanishlar olib borib, she’riy devonini tuzib nashr etish tadqiqotchilar oldida turgan dolzarb vazifadir.
Ibn Sino adabiyotshunos, tilshunos olim sifatida Sharq she’riyati va adabiyoti rivojiga hissa qo‘shib, ramziy qissalari bilan allegorik va ramziy dostonlar takomillashuviga sabab bo‘lgan. U boshqa asarlarida yozgan fikr-mulohazalarini nazm qolipiga tushirib, o‘quvchini ilm o‘rganishga chaqirgan.
Xusrav HAMIDOV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
O‘zA