TUDSES – turk dunyosi fuqarolik jamiyatini birlashtiruvchi raqamli ko‘prik
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Davlatlar aro munosabat bilan cheklanib qolmay, bugungi kunda mazkur jarayon fuqarolik jamiyati, madaniyat, ta’lim va raqamli texnologiya sohalarini ham qamrab olgan.
Kuni kecha Istanbul shahrida tashkil etilgan Turk dunyosi fuqarolik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi – TUDSES (Türk Dünyası Sivil Toplum Destek Sistemi) taqdimoti ayni sa’y-harakatning amaliy ifodasidir.
Turkiya Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishga tushirilgan mazkur raqamli platforma turkiy davlatlardagi nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, jamg‘arma va federatsiyalarni yagona tizimga birlashtirgan. Tuzilma doirasida a’zolar yangi sheriklar topishi, qo‘shma loyihalar amalga oshirishi, tajriba almashishi hamda davlat idoralari bilan samarali muloqot o‘rnatishi mumkin.
Taqdimotda Prezident bosh maslahatchisi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati Kurshat Zorlu tashabbusni yuqori baholadi. Tadbirdan so‘ng u O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga intervyusida loyihadan ko‘zlangan maqsad va vazifalari, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboli haqida so‘zladi:
– Turkiy davlatlar tashkiloti 2026-yilni “Sun’iy intellekt va raqamli taraqqiyot yili” deb e’lon qildi. Shu nuqtai nazardan TUDSES faoliyati juda muhim. Maqsadimiz Adriatikadan Xitoy devorigacha bo‘lgan hududdagi fuqarolik jamiyati institutlarini yagona raqamli infratuzilma orqali bog‘lashdir. Bu maydonda qo‘shma tashabbuslar amalga oshiriladi, tajriba almashiladi, dolzarb masalalar muhokama qilinadi, xalqlarimizning umumiy tarixi va xotirasi asrab-avaylanadi. Ishonamanki, TUDSES yaqin yillarda turk dunyosining eng yirik raqamli muloqot platformalaridan biriga aylanadi.
Ayni payt TDT davlatlardagi 800 dan ortiq fuqarolik jamiyati va 80 000 dan ziyod foydalanuvchi jamoamizga a’zo. Kelgusida butun turk dunyosi bo‘ylab qariyb 5 000 tashkilotni ushbu tizimga jalb etishni rejalashtirganmiz. Ushbu loyiha bo‘yicha O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan amaliy ish boshlaganmiz. Platformaning o‘zbek tilidagi interfeysi ham tayyor. Endi har bir fuqarolik jamiyati va tashkilot Turkiya, Vengriya yoki Shimoliy Kiprdagi hamkorlari bilan bevosita muloqot qilishi, qo‘shma loyihalar amalga oshirishi va o‘z tashabbuslarini davlat idoralariga tezkor yetkazishi mumkin. Bu hali boshlanishi, xolos. Faoliyatni bosqichma-bosqich kengaytiramiz va bu jarayonda O‘zbekiston biz uchun asosiy hamkorlarimizdan biridir.
Suhbat davomida Kurshat Zorlu turkiy xalqlarni yaqinlashtiruvchi asosiy omillardan biri umumiy til ekanini ham alohida qayd etdi:
– O‘zbekistonga har safar borganimda o‘zbekcha gapirishga harakat qilaman, chunki bu til men uchun o‘z tilim. Turkiy xalqlar imkoni boricha bir-biriga ona tilida murojaat qilishi kerak. Shunda qalblarimiz yanada yaqinlashadi. 7-iyul kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qilamiz va albatta yana o‘zbek tilida murojaat qilish niyatim bor.
Ma’lumki, tashkilotimiz Turkiyadagi nufuzli universitetlar bilan hamkorlikda Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan qator ilmiy anjumanlar o‘tkazdi. Yil yakuniga qadar esa Zahiriddin Muhammad Bobur merosi bilan bog‘liq yirik ma’rifiy dastur tashkil qilamiz. Umuman, O‘zbekistonning boy tarixi va bebaho merosini Turkiyada keng targ‘ib qilish, Onado‘li madaniyatini esa O‘zbekistonda ommalashtirish niyatidamiz. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi barcha fuqarolik jamiyati tashkilotlarini TUDSES platformasiga qo‘shilish taklifini ilgari suryapmiz.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan, ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirgan madaniy dasturda O‘zbekistonning iqtidorli “Myuzik Bolalar” jamoasi ishtirok etdi. Turk qo‘shiqlariga kaverlar ijro etgan, ayniqsa “Qora sevgi” serialiga ishlagan saundtreki bilan tanilgan jamoa Turkiyaga ikkinchi marta taklif etildi.

Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchilari va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasidan iborat olti nafar yosh san’atkor o‘zbek, turk, qozoq, qirg‘iz va ozarbayjon xalq qo‘shiqlarini ijro etib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ha, TUDSES turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim tashabbus sifatida baholanmoqda. Yangi platforma fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, umumiy tarixiy xotira va madaniy merosni asrash, shuningdek samarali qo‘shma tashabbuslar amalga oshirish uchun mustahkam raqamli poydevor vazifasini o‘tashi kutilmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA