Guliston davlat universitetida USAID(AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi)ning "Tuberkulyozdan xoli O‘zbekiston" loyihasi xodimi va shu loyihaning multidissiplinar tibbiy jamoasi tomonidan "Tuberkulyoz kasalligi, uning oldini olish, davolash, profilaktikasi, kamsitish (diskriminatsiya) va gender tenglik" mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda esa xalq tilida "o‘pka sili" deya aytiluvchi tuberkulyoz kasalligi, uning oldini olish borasida yurtimizda olib borilayotgan ishlar, yo‘tal, holsizlik, tez charchash, ishtahaning yomonlashuvi, ozg‘inlik, serjahllik, mehnat faoliyatining susayishi kabi tuberkulyoz intoksikatsiyasining erta belgilari to‘g‘risida so‘z yuritilib, bu turdagi kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlamaslik oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavotirli holatlar to‘g‘risida universitet talaba va o‘qituvchilariga ma’lumot berildi.
–Tuberkulyoz, ya’ni "o‘pka sili" da’vosi yo‘q kasalliklar sirasiga kirsa kerak, deya o‘ylardim,–deydi universitetning biologiya ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Malika Anvarova.–Mutaxassislar ma’lumotidan so‘ng bildimki, yo‘q, unday emas, davolasa bo‘ladigan, nasldan naslga o‘tmaydigan kasalliklar sirasiga kirarkan. Asosiysi, o‘tkazilgan o‘quv-seminarda mutaxassislar tomonidan tuberkulyoz kasalligi, uning oldini olish, profilaktikasi bo‘yicha berilgan ma’lumotlar biz talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.
So‘nggi yillarda yurtimizda tuberkulyoz kasalligi, uni davolash, profilaktikasi bo‘yicha olib borilgan sa’y- harakatlar natijasida tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichi 2010 yilga nisbatan 43 foizga, o‘lim ko‘rsatkichi esa 84 foizga kamaytirilishiga erishildi. Davolash samaradorligi 91,2 foizga yetkazilgani o‘quv-seminar davomida ta’kidlandi.
[gallery-20609]
–Hozir tuberkulyoz kasalligini davolash, oldini olish, profilaktikasi bo‘yicha qulay muhit yaratilgan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kasallikni erta bosqichlarda aniqlash, tashxislash maqsadida zamonaviy tibbiy apparatlar, jihozlar qatorida "O‘pka salomatligi" ko‘chma mobil brigadalari tashkil etilgan. Eng asosiysi, bu boradagi tibbiy ko‘riklar mutlaqo bepul. Bu esa, yurtimizda tuberkulyoz kasalligi bilan kasallanish ko‘rsatkichini kamaytirish, kasalliklarni erta bosqichlarda davolashda muhim o‘rin tutyapti,–deydi USAIDning "Tuberkulyozdan xoli O‘zbekiston" loyihasi mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Malik Uteshev.–Misol uchun aytganda, tuberkulyoz kasalligi, unga tashxis quyish uchun oldinlari 3-4 oylab vaqt talab etilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu kasallikka genning molekulyar usuli orqali bor-yo‘g‘i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo‘yilmoqda.
Tez va aniq tashxis kasallikdan erta bosqichlarda qutulish imkonini beradi. Ammo kasallikka chalingan, o‘z vaqtida davolanmagan, shifokorlar ko‘rsatmasiga amal qilmagan bemorlardagina asorat qolishi mumkin. Lekin bu bemor bemor yaqinlari uchun "tamg‘a" bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi.
O‘quv-seminarda tuberkulyoz kasalligi, kasallikka chalinganlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik kabi ko‘plab masalalarda fikr yuritilib, talabalarning savollariga multidissiplinar tibbiy jamoaning tibbiyot xodimlari va psixologi tomonidan atroflicha javob berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri