TTA Pittsburg universiteti bilan memorandum imzoladi
AQSH Pittsburg universitetining o‘quv ishlari va xalqaro dasturlar bo‘yicha prorektori o‘rinbosari, epidemiolog Margaret McDonald, Tibbiyot maktabi xalqaro tibbiy ta’lim dasturlari direktori, ichki kasalliklar shifokori, tibbiyot professori Maykl Yelniki hamda universitetning tibbiyot fakulteti dekani muovini, biolog olim Salim Xon Toshkent tibbiyot akademiyasida (TTA) bo‘ldi.
Muloqot chog‘ida TTA va Pittsburg universiteti o‘quv jarayonini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonlar Toshkent tibbiyot akademiyasidagi o‘qitish metodikasi va klinik bazalar ishi bilan tanishdi.

– Pandemiya bizga ko‘p narsalar haqida saboq chiqarishimiz, odatiy ish va taktik uslublarimizga o‘zgacha munosabatda bo‘lishimizni o‘rgatyapti, — dedi Margaret McDonald. – Qolaversa, onlayn usulda ham tibbiyot fanlarini chuqur va samarali o‘qitish mumkinligini tushunib yetdik. Biroq talabalarimizning an’anaviy darslarni intiqlik bilan kutishayotganiga ishonchim komil. Bizda ham sizlardagidek hamshiralik kurslari mavjud. Lekin farqli jihati shundaki, bizda u 4 yillik.Talabalarni amaliyot o‘tagan oliy toifali hamshiralar o‘qitadi. Shaxsan men bu jarayonda amaliyot muhim, deb hisoblayman. Sizlarda bunga o‘ziga xos munosabat mavjud ekan. Shu bois TTA professor-o‘qituvchilari bilan bu masalada tajriba almashishga kelishib oldik.
Muloqot so‘nggida Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan Pittsburg universiteti o‘rtasida hamkorlik memomrandumi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz: Pittsburg universiteti 1787 yilda tashkil topgan. AQSHning Pensilvaniya shtatiga qarashli Pittsburg shahrida joylashgan. Tarkibidagi 17 ta kollej va maktabda bugungi kunda 35 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Pittsburg universiteti tibbiyot fakulteti AQSHning eng yaxshi tibbiyot maktablari qatoriga kiritilgan. U dunyoning eng yaxshi universitetlari orasida 156-, tadqiqot toifalariga ko‘ra 13-, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati sohasida 14-, eng yaxshi tibbiyot maktablari ro‘yxatida 17-o‘rinda turadi.
2021 yilda AQSHning shimoliy- sharqidagi birinchi shtat universiteti deb topildi. 2021 yilda AQSH davlat tadqiqot universitetlarining eng yuqori klasteriga kirdi.
Gulchehra Mirzayeva,
Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi.