Triatlon: “Challenge Samarkand”ning shiddatli musobaqalari yaqin (+video)
Qadimiy va hamisha navqiron bo‘lgan Samarqand yana bir xalqaro sport musobaqasi – triatlon bo‘yicha "Challenge Family” brendi ostida o‘tadigan “Challenge Samarkand” sport festivalini qarshilashga hozirlanmoqda.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi, Samarqand viloyat hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida joriy yilning 16-17-sentyabr kunlari “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida mazkur sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa ishtirokchilari uch bosqichdan iborat bahslarda qatnashadi. Suzish, velosport va yugurish bo‘yicha mahoratlarini sinovdan o‘tkazishadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8KTZ6ohiCSw" title="Triatlon: “Challenge Samarkand”ning shiddatli musobaqalari yaqin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> Aytish lozim, “Challenge Family” dunyoning bir qator davlatlarida triatlon bo‘yicha turli masofada o‘tkaziladigan musobaqaning eng mashhur brendlaridan biri hisoblanadi. Ushbu poyga har yili 50 mingdan ziyod ishtirokchini jamlaydi. Bu gal Samarqandda tashkil etilayotgan musobaqalarda 35 tadan ziyod davlatdan 2 ming nafarga yaqin sportchi qatnashishi kutilmoqda.
Samarqand viloyati yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyevning bildirishicha, ayni kunlarda musobaqalarni har tomonlama yuqori saviyada tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar poyoniga yetmoqda. Sport jamoalarini kutib olish, bahslar o‘tadigan yo‘lak va suv havzalarini tartibga keltirish, festivalning xorijiy ishtirokchilari uchun ko‘ngilochar tadbirlar masalalari shular jumlasidan.
“Challenge Samarkand”ning suzish bahslari Osiyoning eng yirik eshkak eshish kanallaridan biri hisoblangan Samarqand eshkak eshish havzasida o‘tkaziladi. Ikki doiradan iborat “Sikl” bosqichi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasidan boshlanib, qadimiy shahar bo‘ylab davom etadi. Bu jarayonda sportchilar o‘tmishga sayohat qilishadi. Velopoyga davomida ishtirokchilar qadimiy yodgorliklarning o‘ziga xos uyg‘unligi bilan tanishadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA