Trenerlar guruhi tayyorlandi
Andijon davlat universitetida joriy yil oktyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik doirasida mahalliy trenerlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlarida respublikamiz poytaxtidan kelgan malakali mutaxassislar tomonidan viloyatimizdagi yetakchi ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari orasidan shakllantirilgan 83 nafar mahalliy trenerga saylov qonunchiligi, unga kiritilgan o‘zgarishlar, saylovlarni tashkil etish, saylov jarayonida vujudga keladigan turli masalalar, ularni hal etish yuzasidan zarur saboqlar berildi.
– Seminarning asosiy maqsadi bo‘lajak saylovlarda saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish uchun trenerlar guruhini tayyorlash va ularni saylov qonunchiligidagi yangiliklardan xabardor qilish, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Baxtiyorjon Rasulov. – Ular maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘qitilib, saylovlarga tayyorgarlik, saylovlarda ishtirok etuvchi mutaxassislarning bilim va malakasini oshirishga yordam beradi.
O‘quv mashg‘ulotlari dasturidan proporsional va mojaritar saylov tizimi, saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni belgilash kabi saylov jarayoni bilan bog‘liq barcha mavzular o‘rin olgan.
Saylov jarayonlarining qonuniy, shaffof va yuqori saviyada tashkil etilishi ko‘p jihatdan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarining tajriba, bilim va malakasiga bog‘liq. Shu ma’noda bilim olayotgan mahalliy trenerlar kelgusi bosqichda aynan ana shu mutasaddilarni o‘qitib, ularning bilim va malakalarini oshiradi.
[gallery-18839]
Bundan tashqari, o‘quv dasturining har bir mavzusi bo‘yicha tayyorlangan videodarslar foydalanish uchun hududiy trenerlarga taqdim etildi.
Turli interfaol usullar – suhbat, psixologik mashqlar, bahs-munozara, umuman ilg‘or o‘qitish texnologiyalari asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda tahlil qilish, turli holatlarda yuzaga keladigan muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga trener maqomini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari