«Trastbank» filiali endi Buxoroda
Buxoro shahrida zamonaviy va milliy arxitektura uyg‘unligi asosida barpo etilgan «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki Buxoro filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar viloyatda xususiy bank filialining ochilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga, hududda biznes yuritish istagidagi ishbilarmonlik vakillari uchun qulay sharoit yaratishi, mijozlarga tez va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, qolaversa, bank kreditlari hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratishini alohida ta’kidladi.
Viloyatda bu kabi bunyodkorlik, aholiga qulay sharoit yaratishda Prezidentimizning 2018 yil 16-17 fevral kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari hamda 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu hujjat bank tizimini rivojlantirish, moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish, shu jumladan, har bir bankda keng ko‘lamli transformatsiya dasturini amalga oshirishda bosh omil bo‘ldi.
Tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi mutasaddilari, bank va moliya muassasalari vakillari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy hamda milliy arxitektura uyg‘unligi talablariga to‘liq javob beradigan, o‘z me’moriy dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan filial binosida bank mijozlari va xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘zA