Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport xizmati ko‘rsatish jarayonidagi qonunbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirildi

Dunyo bo‘ylab migratsiya jarayonlari tobora faollashib bormoqda. Mamlakatimizda ham nafaqat xizmat, balki turistik sayohat rivojlanib borayotgani yo‘lovchilar va yuklarni manziliga xavfsiz yetkazishni taqozo qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5 fevral kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan. 

Qonunni qabul qilish zarurati va uning muhim jihatlari haqida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov gapirib berdi: 

– Transportda xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksiz, sifatli va barqaror bo‘lishini ta’minlash juda muhim. Zotan, 2024 yilda metropolitenda 270 million, yo‘lovchi poyezdlarda 10 milliondan ziyod, shuningdek, avtomobil transportida 8 milliard nafardan ortiq yo‘lovchi tashilgan. 2025 yilda esa birgina temir yo‘llar orqali 10,9 million nafar yo‘lovchi tashilgan. Boshqa transport tizimidagi raqamlar ham kam emas. 

Bunday keng ko‘lamli jarayonda xavfsizlik qanday ta’minlanmoqda, degan savol tug‘ilishi tabiiy.  

Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024 yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 hodisa sodir bo‘lgan. Oqibatda harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘l kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024 yilda 38 yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Bunga Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan temir yo‘l tashishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganda, mas’ullarga chora ko‘ra olmasligi, ya’ni faqatgina ko‘rsatma berish huquqiga ega bo‘lgani ham sabab bo‘lib kelayotgan edi. Chunki, mas’ul xodimlar o‘z majburiyatlarini bajarmasa ham hech qanday javobgarlikka tortilmayotgani mas’uliyatning pasayishiga olib kelgan. Bu esa, loqaydlik, qoida va talablar surunkali ravishda buzilishiga yo‘l ochib bergan.

Yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 113-1-modda bilan to‘ldirildi. Endilikda tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solinadi. 

Amaldagi qonunchilikda shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashishni amalga oshirayotgan avtobuslarda taxograf (nazorat qurilmasi) o‘rnatilgan. Bu qurilma haydovchilarning ish vaqti, dam olish vaqti, tezlik va masofani yozib boradi.  Qurilmani o‘chirgan xolda avtomobil boshqarganlik uchun javobgarlik mavjud. Biroq, ushbu qurilmadagi ma’lumotlarga asosan haydovchining mehnat va dam olish rejimiga bo‘ysunmagani yuzasidan javobgarlik belgilanmagan edi.

Haydovchilar mehnat va dam olish rejimiga rioya etmagani sababli yo‘llarda uxlab qolish holatlari kuzatilgan. Oqibatda 2024 yilda sodir etilgan 351 yo‘l-transport hodisasida 189 nafar inson halok bo‘lgan, 285 nafari esa jarohatlangan.

Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Endilikda bunday holat bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Shu bilan birga, haydovchining ish vaqti davomiyligi 9 soatdan ortiq yoki yo‘nalish masofasi 400 km va undan ortiq masofaga yo‘lovchi va yuklarni tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilib boriladi. 

Qonun bilan bir xil toifadagi huquqbuzarliklar uchun har xil miqdorda jarima qo‘llanilishining oldini olish, huquqbuzarlarning qonun oldida tengligini ta’minlashga oid me’yorlar belgilandi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 145, 146-1, 176-4-moddalarida, ya’ni yo‘lovchilarni chiptasiz tashiganlik, tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaganlik uchun jarimaning aniq miqdori belgilandi. 

Qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirish hamda tashuvlar samaradorligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Muhimi, bu jarayonda xavfsizlik ta’minlanadi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026 yil 10 maydan kuchga kiradi. 

Norgul Abduraimova, O‘zA