Transport va logistika tizimlarini raqamlashtirish
Toshkentdagi Forumlar saroyida Turkiy davlatlar tashqi siyosiy tadqiqotlar markazlarining TDT maydonida savdo-iqtisodiy kooperatsiya va transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov turkiy mamlakatlarning transport-logistika sohasida amaliy hamkorlik haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish qabul qilingan “Turkiy dunyo nigohi - 2040” strategik hujjatida alohida o‘rin tutadi. Bundan tashqari, asosiy e’tibor mamlakatlar transport bog‘liqligini ta’minlash, bojxona va transport tartiblarini soddalashtirish, shu jumladan, raqamlashtirish orqali soddalashtirishga qaratilmoqda.

O‘zbekiston TDT mamlakatlari bilan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bir necha omillarga bog‘liq:
Bugunda O‘zbekistonning eksport-import va tranzit aloqalari 9 ta xalqaro transport yo‘lagi bo‘ylab amalga oshirilmoqda, ulardan 8 tasi kamida bitta TDTga a’zo mamlakat orqali o‘tadi;
O‘zbekiston bilan chegaradosh 5 mamlakatdan 2 tasi TDT a’zosi (Qozog‘iston va Qirg‘iziston) va 1 davlat kuzatuvchi maqomiga ega (Turkmaniston);
Markaziy Osiyo mamlakatlari Shimol-Janub va Sharq-G‘arb yo‘nalishlari kesishuvida Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy transport xabi sifatida hal qiluvchi bo‘g‘inlari hisoblanadi;
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari dunyo okeaniga chiqish imkoniga ega emas. Bundan tashqari, O‘zbekiston jahonning okeanlardan ikki karra uzilgan 2 ta davlatidan biri bo‘lib, bu transport xarajatlarini sezilarli darajada oshiradi;
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlar transport xizmatlariga haq to‘lash uchun ikki baravar ko‘p mablag‘ sarflaydi. Ko‘p hollarda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari import qilinadigan tovarlar qiymatining 60 foiziga yetadi.
Xalqaro yuk tashuvlari sohasida so‘z borar ekan, transport tizimlarini integratsiyalash va logistikani raqamlashtirish bo‘yicha bir qator xalqaro dasturlarda ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Butun mintaqaviy yuk tashuvlarining taxminan 11 foizi o‘tadigan mintaqaviy temir yo‘llarning qariyb 18 foizi O‘zbekiston hududi bo‘ylab o‘tadi.
Ma’ruzada “Yangi O‘zbekiston” strategiyasida tashqi savdoni amalga oshirish uchun transport tizimida “raqamli yo‘laklar” va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, tranzit yuk tashish hajmini oshirish ko‘zda tutilganligi ta’kidlandi.
“Yangi O‘zbekiston” strategiyasida transport-logistika xizmatlari eksportini ko‘paytirish maqsadida transport tizimida “raqamli yo‘laklar” va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyalari qurilishini amalga oshirishda tranzit yuk tashish hajmini 15 mln. tonnagacha oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston 2021 yilda Istanbul sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo nigohi - 2040” dasturiy hujjatida aks etgan transport va tranzit tartiblarini raqamlashtirish vazifalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga intilmoqda.
Yaqin kelajakda asosiy e’tibor TDTga a’zo davlatlarda transport va tranzit tartib-qoidalarini osonlashtirishga, shu jumladan, zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali yengillashtirishga qaratilgan. Gap birinchi navbatda, eTIR, ePermit va eCMR tizimlari haqida ketmoqda.
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Raqamli TIR” pilot loyihasi ishga tushirildi va mart oyida ushbu loyiha Qirg‘izistonni ham qamrab oldi.
Tashkilot dunyoda birinchi marta O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ePermit loyihasini test rejimida ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi, keyingi bosqichda esa Qozog‘iston bilan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv mavjud.
Bundan tashqari, TDT mamlakatlarida BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda eCMR vositasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ekspert, shuningdek, TDT mamlakatlari transport-logistika tizimlarini raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TDT davlatlarining raqamli texnologiyalarni joriy etishni kengaytirishga intilishi raqamlashtirish sohasida amaliy hamkorlikni yanada oshirish, jumladan, elektron mintaqalararo savdo va tovar birjasini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun sharoit yaratadi.
O.Hakimovning fikricha, ekspert raqamli yechimlarni integratsiya qilish Markaziy Osiyo mamlakatlarini TDT mamlakatlarini Xitoy va Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan quruqlik ko‘prigiga aylantirishga imkon beradi, shuningdek, mintaqa davlatlarining global ta’minot zanjirlariga va xalqaro tranzit yuk tashuvlariga yanada chuqurroq integratsiyalashuvini ta’minlaydi.
O‘zA