Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi transformatorga urilishi oqibatida elektr ta’minotida uzilish bo‘lganligi, aholi elektr tarmog‘idan uzilib qolganligi to‘g‘risida xabar tarqalgan edi.
Biz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida, Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati rahbari kapitan Abulqosim Ahmedov bilan bog‘landik.
– Darhaqiqat, joriy yilning 2 yanvar kuni soat 19:50 lar atrofida, Sharof Rashidov tumani “So‘g‘diyona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan, mahalliy ahamiyatga molik Rajabov ko‘chasida, 1989 yili tug‘ilgan fuqaro o‘ziga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtda, yo‘lning keskin burilish qismida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chetidagi transformatorga borib urilgan, – deydi kapitan A.Ahmedov. – Oqibatda, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, “Lasetti” rusumli avtomashina hamda shu mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi transformatorga texnik shikast yetgan. Ushbu hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Mazkur YTH yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali xabariga ko‘ra, tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari o‘sha vaqtning o‘zida voqea joyiga borgan va Sharof Rashidov tumani “So‘g‘diyona” MFY hududidagi “Gandumtosh” tarmog‘idan chiquvchi avtotransport vositasi urilishi natijasida shikast yetkazilgan 257-sonli transformator o‘rniga zaxiradagisi bilan almashtirilgan. 2024 yilning 2 yanvar kuniyoq mahalla aholisiga uzatiladigan elektr ta’minoti tiklangan.
A.Qayumov, O‘zA.