VVS bergan ma’lumotga ko‘ra, AQSHning Fransiyadagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Elchi janoblari esa Prezident Donald Trampning qudasi.
– Isroil tanqid qilingan ommaviy bayonotlar ekstremistlarni ruhlantiradi, zo‘ravonlikni avj oldiradi va Fransiyada yashayotgan yahudiylar hayotini xavf ostiga qo‘yadi, – degan Elchi Charlz Kushner. Uning iddao qilishicha, “Fransiya hukumati aksilsemitizmga qarshi kurasha olmayapti”.
Ayni bayonot Parij tomonidan “noto‘g‘ri va diplomatik me’yorga zid” deb qabul qilindi va diplomat TIVga chorlandi. Elchining o‘g‘li Jared Trampning qizi Ivankaga uylangan. Kushnerlar – polyak yahudiylaridan bo‘lib, Isroil manfaatini qo‘llab-quvvatlovchi, Trampga yaqin siyosiy doira vakillari hisoblanadi. Fransiyada aksilsemitizm ommalashishi va Makronning Isroilga qarshi bayonotlari ko‘pchilikni keskin harakat qilishga undadi, deya xulosa qilinmoqda. Shu voqeadan avval Charlz prezident Emmanuel Makronga maktub yo‘llab, Parij ayni salbiy holatga nisbatan zarur chora-tadbir ko‘rmayotganidan tashvish bildirgan. Maktub mazmunini Kushnerning o‘zi ommaga e’lon qildi.
Charlz Kushner asli amerikalik, qurilish sohasi ishbilarmoni, sobiq advokat. Keyinchalik diplomatlik xizmatiga o‘tgan.
Wall Street Journal chop etgan maktub matnida Makron Isroilni tanqid qilishni kamaytirishga chaqirilgan. Shuningdek, hukumat Falastinni tan olish haqidagi bayonotlar mamlakatda aksilsemitizm ommalashishiga sabab bo‘lganini aytgan. TIV xat e’tibor bilan o‘rganilgani, “elchi bildirgan ayblovlarni qabul qilib bo‘lmasligi” va Fransiya aksilsemitizmga qarshi kurashda faol ekanini ma’lum qildi.
Vazirlik vakili Elchining so‘zlari “xalqaro huquq me’yoriga, jumladan diplomatik xodimning boshqa davlat ichki ishiga aralashmaslik majburiyatiga zidligi”ni qayd etgan. Kushnerning xati hafta boshida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Makronga yo‘llagan boshqa bir maktubdan so‘ng e’lon qilindi. Ma’lumki, Netanyahu Fransiya Prezidentini Falastin davlatini BMT Bosh Assambleyasida tan olish niyati orqali aksilsemitizmni avj oldirishda aybladi. Emmanuel Makron har doim Respublika qadriyatlariga zid deb hisoblab, mazkur ta’limotni qoralab kelgan. So‘nggi payt esa Isroilning G‘azodagi urushini ochiq tanqid qiluvchi yetakchilardan biri sifatida tanildi. Xususan, Makron Isroilning G‘azo anklavidagi harbiy harakatni kuchaytirish rejasini “yaqinlashib kelayotgan falokat” deb atab, vaziyatni barqarorlashtirish uchun BMT mandati ostida xalqaro koalitsiya tuzish taklifini ilgari surgan.
Fransiyada taxminan yarim million – Yevropadagi eng yirik yahudiy jamoasi istiqomat qiladi. Kushner va Netanyahu bayonotlarida bildirilganidek, ularning huquqi va erkinligiga to‘siq qo‘yadigan holatlar qayd etilmagan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumoti va statistikada aksilsemitizm bilan bog‘liq qoidabuzarlik avvalgi yillarga nisbatan kamayganini ko‘rish mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ynuL1ksYCl0" title="Trampning qudasi iddaolibayonot berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA