2025 yil oktyabr oyida Donald Trampning AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo bo‘yicha 20 punktli tinchlik rejasi mintaqada yirik diplomatik uchqun sifatida namoyon bo‘ldi.
Rejaning birinchi bosqichida Isroil va HAMAS tomonidan to‘liq otishmani to‘xtatish, barcha tutqunlar, asirlarni almashish, Isroil qo‘shini belgilangan chiziqqacha chekinishi va gumanitar yordam kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Kecha Tramp e’lon qilgan bayonotda Isroil va HAMAS birinchi bosqichni tasdiqladi. BMT, Qatar va Misr orqali yo‘lga qo‘yilgan bu tashabbusni xalqaro jamoatchilik e’tibor bilan kuzatmoqda, ammo rejaning davomiyligi va amalga oshirish mexanizmi bo‘yicha ayrim shubhalar bor.

Jarayonni atroflicha muhokama qilish uchun O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ravshan G‘oziyev bilan suhbatlashdi.
– Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi amalga oshishi ehtimoli qay darajada?
– Trampning G‘azo rejasi faqat tinchlik haqidagi deklaratsiya emas, balki AQSHning Yaqin Sharqdagi nufuzini qayta tiklashga qaratilgan siyosiy strategiyadir. Hujjatning asosiy mazmuni – Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otishmani to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish, Isroil qo‘shinini belgilangan chiziqqa qaytarish hamda G‘azoda xalqaro nazoratchi missiyani tashkil etish. “Reuters” va AP axborot agentliklari yozishicha, har ikki tomon birinchi bosqichni amalga oshirishga rozi. Ya’ni, gumanitar yordam kiritilib, suv va elektr infratuzilmasi qayta tiklanadi, kuchaygan keskinlik vaqtincha bo‘lsa-da, pasayishi mumkin.
Shunga qaramay, reja hali siyosiy jihatdan sinov bosqichida. “The Guardian” yozganidek, asosiy muammo – amalga oshirish mexanizmi va nazoratchi kuchlarning haqiqiy mustaqilligida. HAMAS ichida qurolsizlanishga qarshi radikal qanotlar bor, Isroilda esa muxolifat Tramp tashabbusini “amaldagi xavfsizlikni zaiflashtiradi” deya baholamoqda. Shuning uchun ham bu loyiha tinchlikning haqiqiy kafolati emas, balki sinoviga o‘xshaydi. Agar birinchi bosqich samara bersa, keyingi diplomatik qadamlar uchun ishonch asosi yaratiladi. Aks holda, yana bir “qog‘ozdagi bitim” bo‘lib qolaveradi.
Hozircha xalqaro jamoatchilik jarayonni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Qatar, Misr va Turkiya vositachi sifatida faol, BMT insonparvarlik yordamini tezlashtirish uchun maxsus komissiya tayinlagan. Demak, umid bilan xavf orasidagi diplomatik sinov ayon. Muvaffaqiyat faqat qurolni emas, ishonchsizlikni ham yo‘qotishi lozim.
– HAMAS va Isroilning vaziyatga munosabati qanday?
– HAMAS va Isroilning Tramp rejasiga munosabati bir-biridan keskin farq qilsa-da, har ikki tomon hozircha “sinovchan hushyorlik” qarashini tanladi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu rejani “tinchlik yo‘lidagi ehtiyotkor, ammo zarur qadam” dedi. “Reuters” xabariga ko‘ra, Isroil birinchi bosqich – otishmani to‘xtatish va garovdagilarni almashishga rozi, ammo har qanday siyosiy kelishuvdan oldin HAMAS qurolsizlanishini “asosiy shart” sifatida qo‘ygan. Netanyaxu hukumatining ichki muxolif qanoti esa Tramp rejasini Isroil xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rmoqda.
HAMAS tomoni yondashuvi esa birmuncha boshqacha. Guruh siyosiy rahbariyati, jumladan Ismoil Haniya va Masrur Az-Zahor rejaning ayrim bandlari – garovdagilarni ozod qilish va gumanitar yordam kiritishni ijobiy qabul qilsa-da, “G‘azo hududiga xalqaro nazoratchi kuchlar kiritilishi” taklifini keskin rad etgan. Ular ayni bandni “suverenitetga aralashish va milliy muqaddas qadamlarga bosim” deya baholamoqda.
“The Guardian” tahlilida ta’kidlanishicha, HAMAS ichida ham fikr birligi yo‘q – siyosiy qanot tinchlik muzokarasini ehtimoliy imkoniyat sifatida ko‘ryapti, harbiy qanot esa qurolsizlanish qarorini hecham qabul qilmayapti. Shu sababli HAMAS rahbariyati rejaga rasman “yo‘q” yoki “ha” demadi. Bu vaqtdan yutish usuliga o‘xshayapti.
Bunday ikki yoqlama munosabat tinchlik jarayonini susaytiradigandek. Zero, Isroil xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda, HAMAS esa siyosiy mustaqillikni yo‘qotishdan qo‘rqyapti. Qatar, Misr va Turkiya – vositachi, BMT reja bajarilishini nazorat qilish uchun maxsus monitoring guruhi tuzmoqda.
Aslida, reja faqat rasmiy imzolar bilan emas, balki xalqlar ongidagi ishonch bilan amalga oshadi. Isroilda asirlarning oilalari otishmani to‘xtatish tarafdori, G‘azo ahli esa jarayonning haqiqiyligidan shubhada. Fikrimcha, Trampning rejasi tinchlikka intilishni sinovdan o‘tkazuvchi diplomatik jarayon.
– Rejani amalga oshirishda xalqaro jamoatchilik va arab davlatlarining o‘rni qanday?
–Rejaning muvaffaqiyati, shubhasiz, faqat Isroil va HAMAS xohishiga emas, balki xalqaro jamoatchilikning birlashgan harakatiga bog‘liq. Hozir uch asosiy diplomatik markaz jarayonda faol: Qatar, Misr va BMT. “Reuters” va AP ma’lumotiga ko‘ra, aynan Qatar bu kelishuvning “asosiy vositachi”si sifatida harakat qilyapti– garovdagilarni almashish, gumanitar yordamni tashkil etish va ikki tomon o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bo‘yicha diplomatik kanallar shu yerdan boshqarilyapti.
Misr esa tarixiy va geografik omil tufayli an’anaviy tarzda hal qiluvchi o‘rin egallagan. Qohira rasmiylari Isroil xavfsizlik xizmati va HAMAS siyosiy qanoti bilan alohida muloqot yuritib, otishmani nazorat qilish hamda chegara orqali yordam kiritishni muvofiqlashtirmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa, o‘z navbatida, “G‘azo rejasi insonparvarlik nuqtai nazaridan qo‘llab-quvvatlanishi shart” deya ta’kidladi va xalqaro donorlar orqali yordamni tezlashtirish tashabbusini ilgari surdi.
Arab davlatlari qarashi ham o‘zgaruvchan. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari diplomatik jihatdan Tramp rejasini ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlayapti. Ularning manfaati, asosan, mintaqadagi iqtisodiy barqarorlik va AQSH bilan munosabat muvozanatiga bog‘liq. Turkiya ham juda faol. Anqara insonparvarlik tamoyiliga mos kelsa, rejani amaliy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Shu nuqtai nazardan bu reja xalqaro hamkorlik uchun yangi siyosiy maydon yaratmoqda. Bir vaqtning o‘zida Amerika diplomatiyasi mintaqadagi ta’sirini tiklashga urinmoqda, arab davlatlari ham o‘z manfaatini himoya qilyapti. Agar shu muvozanat to‘g‘ri saqlansa, reja muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Mabodo, xalqaro sheriklar orasida siyosiy raqobat kuchaysa, bu tashabbus ham navbatdagi “yirik diplomatik niyat” sifatida qolib ketaverishi ehtimoli bor.
Xulosa shuki, bugun diplomatlar va vositachi davlatlar Tramp rejasining haqiqiy “ishchi kuchi” sifatida maydonga chiqqan. Ular bir tomondan tinchlikka umid uyg‘otmoqda, ikkinchi tomondan esa har qanday notinch qadam butun jarayonni izdan chiqarishi mumkinligini yaxshi anglamoqda.
– Sizningcha, G‘azoda haqiqiy tinchlik ta’minlanadimi yoki yana bir navbatdagi muvaqqat kelishuv yuzaga keladimi?
– Bu savol, aslida, bugun butun dunyo jamoatchiligini ham bezovta qilyapti. Tramp rejasi muhim diplomatik qadam, albatta. Faqat bu yerda bir necha jihatga e’tiborr qaratish lozim. Birinchidan, reja hali haqiqiy tinchlik, degani emas, tinchlikka urinishdir. Qurollar sukut saqlasa ham, ishonch qayta tiklanmas ekan, barqarorlik uzoq cho‘zilmaydi. Ikkinchidan, tinchlik faqat siyosiy elitalar muzokarasida emas, balki jamiyatlar ongida, xalqlar irodasida qaror topadi. G‘azo yillar davomida zo‘ravonlik, ihotalanish va qashshoqlikda yashayapti. Aholi uchun tinchlik – deklaratsiya emas, haqiqiy turmush sharoiti, erkin harakat, ish va xavfsizlik.
Uchinchidan, har qanday bitimning kuchli va zaif nuqtalari bor. Bu rejaning kuchli tomoni – ilk bor AQSH, Qatar, Misr, Turkiya, BMT va Yevropa Ittifoqi kabi tomonlarni bir davraga jamladi. Zaif tomoni esa siyosiy kafolat noaniqligi bilan bog‘liq. HAMASning kelgusi roli, G‘azo hududini boshqarish tartibi va Isroil xavfsizlik siyosatidagi o‘zgarishlar mazmuni hamon so‘roq ostida.
Shaxsiy fikrimcha, reja haqiqiy tinchlikka yo‘l ochishi mumkin. Faqat niyat amalga oshishi uchun qurolsizlanishdan ham muhimrog‘i – o‘zaro ishonch yuzaga kelishi. Agar har ikki tomon o‘tmish yaralarini qirq yillik nafrat orqali emas, kelajak sinovi orqali ko‘ra boshlasa, Tramp rejasi tarixda “navbatdagi kelishuv” emas, balki haqiqiy burilish sifatida qolishi mumkin.
Shuni ham unutmaslik kerak: tinchlik hech qachon bir yetakchi yoki bir rejaning yutug‘i bo‘lmaydi, balki butun insoniyatning irodasi, ma’naviy mas’uliyati natijasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA