AQSH va Ukraina rahbarlari Rim Papasi Fransiskning dafn marosimi oldidan qisqa uchrashuv o‘tkazgan. Shundan so‘ng Prezident Donald Tramp hamkasbi Vladimir Zelenskiy Qrimni tinchlik kelishuvi doirasida Rossiyaga berishga tayyor, deb o‘ylashini aytdi. Bu haqda BBC yozdi.
– “Ukraina yetakchisi 2014 yil noqonuniy ravishda anneksiya qilingan janubiy yarim orol ustidan nazoratni Rossiya tomoniga berishga tayyor, deb o‘ylaysizmi?” mazmunidagi savolga Tramp “Fikrimcha shunday”, deya javob bergan.
Ukraina hududiy mavzuda hech qanday imtiyoz berilmasligini qayta-qayta takrorlab, yerga oid masala faqat sulh kelishuviga erishilgandan keyin muhokama qilinishi mumkinligini ta’kidlab keladi.
Zelenskiy ham, Putin ham Trampning so‘nggi izohiga ochiqcha munosabat bildirmadi.
Kecha ertalab Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish evaziga hududiy imtiyoz berish nazarda tutiladigan kelishuvga rozi bo‘lmasligi lozim, deya ogohlantirgandi.
Musulmon Ziyo, O‘zA