AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan Oq uyda muzokara o‘tkazdi. “Al-Jazeera” ma’lum qilishicha, uchrashuv bahs-munozaraga boy kechgan.
Taxminan 45 daqiqa davom etgan muloqotning so‘nggi 10 daqiqasi Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va Zelenskiy orasidagi keskin tortishuvga aylangan.
Hammasi Vensning Ukraina rahbariga qarata “Janob Prezident, odob saqlang, menimcha Oval kabinetga kirib, Amerika ommaviy axborot vositalari vakillari oldida o‘zingizni bunday tutishingiz hurmatsizlik” degan gapidan keyin avj oldi.
Zelenskiy e’tiroz bildirishga urinib, ovozini ko‘tarishga majbur bo‘ldi.
Shunda Amerika yetakchisi yuzini OAV xodimlari tomonga o‘girib, “Vladimir Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatish sulhiga tayyor emasligi”ni iddao qildi. Uning suhbatdoshi esa Kiyev sulhga rozi bo‘lishi uchun Vashingtondan xavfsizlik kafolati talab qildi.
Donald Tramp bu so‘rovga javoban Zelenskiy “AQSHga yetarli hurmat ko‘rsatmayotgani, Amerikaga qanday yo‘l tanlash bo‘yicha ko‘rsatma berishga haqi yo‘qligi”ni bildirdi. Shundan so‘ng ikki rahbar o‘rtasida “dahanaki jang” kuchaydi.
– 350 milliard dollar berdik, hozir qiyin ahvoldasiz, – dedi Tramp. – Siz buni xohlayman, buni xohlamayman, deya olmaysiz. Bizsiz qo‘lingizda yutuqli karta yo‘q, AQSHdan minnatdor bo‘lishingiz kerak. Yo shu bitim tuziladi yo siz o‘yindan chiqasiz.
Ukraina yetakchisi Trampning bu gapiga javoban “Men bu yerga karta o‘ynash uchun kelganim yo‘q”, degan.
Tramp jurnalistlarning “Agar sulh tuzilmasa, Ukrainaga yana aslaha yuborasizmi?”, mazmunidagi savoliga “Ko‘proq qurol yuborishimiz mumkin, lekin xohlamayapmiz, hozir urushni tezroq tugatib, boshqa ish bilan shug‘ullanishimiz kerak”, deya javob berdi.
Uchrashuv davomida Trampga “Ukraina va Rossiya o‘rtasida vositachimisiz yoki Ukraina tomonida turibsizmi?” savoli ham berildi. Tramp esa vositachi ekani va hech kimning yonini olmoqchi emasligini ta’kidladi:
– Men Rossiya va Ukraina o‘rtasidaman. Hech kim haqida yomon so‘z aytmoqchi emasman.
Zelenskiy Tramp aytganidek, o‘t ochishni to‘xtatish va sulh tuzish fikriga qarshi chiqib, Rossiya baribir sulhni buzadi, deb hisoblashini ma’lum qildi:
– Bizga shunchaki o‘t ochish to‘xtatilishi kerak emas. Avval shunday sulh tuzib ko‘rganmiz, Putin shartlarni 25 marta buzgan.
Uchrashuv Donald Trampning Zelenskiyni Uchinchi jahon urushini boshlash ehtimoli bilan o‘ynashayotganlikda ayblab, bu holat televideniye uchun ajoyib shou bo‘ladi, degan so‘zlari bilan yakuniga yetgan.
Ukraina yetakchisi Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Natijada qo‘shma matbuot anjumani bekor qilindi.
M.Pirmatova, O‘zA