Tramp: O‘zimizga ham raketa kerak
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga qo‘shimcha raketa yetkazib berish masalasiga izoh berib, mamlakatning o‘zi ham bunday qurolga ehtiyoj sezayotganini bildirdi.
Oq uydagi brifingda Tramp Jo Bayden ma’muriyatini Kiyevga ko‘rsatilgan harbiy yordam orqali AQSH qurol-yaroq zaxirasini keskin kamaytirib yuborishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, hozir bu zaxira qayta tiklanmoqda.
Jurnalistlarning “Ukrainaga “Patriot” havo hujumidan mudofaa tizimi uchun qo‘shimcha raketa va uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar ajratiladimi?” degan savoliga Tramp “Bizga ham raketalar kerak”, deya javob qaytargan.
Shuningdek, u AQSH Qurolli kuchlari yetarli darajada qurollangani, mavjud ayrim vositalar o‘ta zamonaviy bo‘lmasa-da, samaradorligi yuqori ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning navbatdagi raketa hujumidan so‘ng mamlakat havo mudofaasi uchun “Patriot” tizimi – tutib qoluvchi qurilmalarga ehtiyoj yuqoriligini ma’lum qilgan edi.
D.Hakimov, O‘zA