Tramp Eronning urushni to‘xtatish rejasiga rozi bo‘lmadi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron tomonidan taklif qilingan urushni to‘xtatish rejasiga ehtiyotkor va shubhali munosabat bildirgan. Bu haqda Reuters va The Wall Street Journal manbalariga tayanib DW nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Eron tomoni urushni to‘xtatish va Hurmuz bo‘g‘ozini ochish masalasini ko‘tarib, yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni keyinroq muhokama qilishni taklif qilgan.
Biroq Tramp va uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bu yondashuvga qo‘shilmagan. Ayniqsa, yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni uchinchi bosqichda ko‘rib chiqish Tramp va uning maslahatchilariga ma’qul kelmagan.
27-aprel kuni Tramp o‘z maslahatchilari bilan vaziyatni muhokama qilgan va AQSH tomoni yadroviy dastur masalasi birinchi o‘rinda turishi kerak, degan qarorga kelgan.
Oq uy matbuot kotibi Oliviya Ueyls AQSH matbuot orqali muzokara olib bormasligini, ya’ni bu masalalarda talablar aniq ekanini ta’kidlagan.
Mutaxassislarning fikricha, muzokaralardagi kelishmovchiliklar dunyo neft bozoriga ham ta’sir qilmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish cheklangani sababli dunyoda neft narxlari ko‘tarilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda bo‘g‘ozdan neft tankerlari o‘tkazilmayapti. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanmasidan oldin bo‘g‘oz orqali kuniga 150 dan ziyod neft ortgan kemalar o‘tib turgan.
Hozirgi holat urushning iqtisodiy oqibatlarini kuchaytirib, xalqaro bozorlarda beqarorlikni oshirmoqda. Deyarli ikki oydan beri davom etayotgan urush neft narxlarining keskin oshishiga, dunyodagi iqtisodiy jarayonlarni izdan chiqarishiga va minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
<iframe width="412" height="732" src="https://www.youtube.com/embed/gdNxdVehcT0" title="Tramp Eronning urushni to`xtatish rejasiga rozi bo`lmadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA