Tramp: Eron portlariga qo‘yilgan cheklovlar davom etadi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron portlariga qo‘yilgan cheklovni tinchlik kelishuviga erishmaguncha bekor qilmasligini bildirdi, deb xabar berdi Euronews.
Tramp ijtimoiy tarmoqda: “Biz qo‘ygan cheklov Eronni jiddiy zaiflashtiryapti. Ular har kuni 500 million dollar yo‘qotyapti, bu hatto qisqa muddat uchun ham qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, — degan.
Hurmuz bo‘g‘ozida harakat yana qiyinlashdi, chunki Tehron va Vashington alohida-alohida blokada joriy qilgan.
Eron Islomoboddagi muzokaralarning ikkinchi bosqichiga vakil yubormasligini aytdi. Tehron tomonidan bu qaror yakshanba kuni Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga AQSH harbiylari hujum qilib, uni qo‘lga olganidan keyin qabul qilindi. AQSH tomoni bergan ma’lumotga ko‘ra, kema Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi dengiz blokadasini aylanib o‘tishga uringan. Tehronning birlashgan harbiy qo‘mondonligi bunga javob qaytarishga va’da berdi, bu esa amal qilish muddati tugashiga bir necha kun qolgan sulh taqdiriga xavf solmoqda.
Eron AQSHning bu harakatini “qaroqchilik” deb atadi. Trampning aytishicha, AQSH harbiy-dengiz kuchlariga qarashli jangovar kema Eron kemasini avval to‘xtashga chaqirgan, bo‘ysunmaganidan keyin o‘t ochilgan va AQSH dengiz piyodalari kemani nazoratga olgan.
Jarohatlanganlar bor-yo‘qligi noma’lum. AQSH Markaziy qo‘mondonligi kemaga olti soat davomida bir necha marta ogohlantirish berilganini ma’lum qildi.
Bu voqea neft narxlarining yana oshishiga sabab bo‘ldi va shundoq ham og‘ir bo‘lgan jahon energetika inqirozini yanada kuchaytirdi.
Bu harakat urushni tugatish masalalariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Tramp so‘nggi kunlarda urushni yakunlanish arafasida ekanini aytgan edi, ammo hozirgi holat uning avvalgi bayonotlarini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Kema qo‘lga olingani haqidagi xabardan bir necha daqiqa o‘tgach, Eron davlat OAVlari prezident Mas’ud Pezeshkiyon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida xabar berdi. Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, AQSH muammolarni muloqot, muzokara va kelishuv orqali hal qilish o‘rniga, diplomatiyaga zid ravishda bosim va noo‘rin tahdidlar bilan vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8VaaHX6IUJQ" title="Tramp: Eron portlariga qo‘yilgan cheklovlar davom etadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA