AQSH Prezidenti Donald Tramp “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa tizimi loyihasini tasdiqlab, keyingi avlod havo tahdidi, jumladan ballistik va qanotli raketaga munosib qarshi turish niyatini oshkor qildi.
Yangi byudjet loyihasida buning uchun 25 milliard dollar boshlang‘ich mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Binobarin, hukumat ushbu loyiha yanada qimmatga tushishini taxmin qilmoqda.
BBC yozishicha, mavjud tizimlar ehtimoliy dushmanning tobora takomillashib borayotgan qurollariga mos emas.
Ma’lumki, Tramp ikkinchi bor prezidentlik kursisiga o‘tirgach, yetti kundan so‘ng Mudofaa vazirligiga havo hujumini to‘xtatuvchi va muhofazaga tayyor turadigan tizim bo‘yicha reja tuzishni buyurgandi. Oq uy hozirgi vaziyatni mamlakat oldida turgan “eng halokatli tahdid” sifatida baholamoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, tizim “hatto dunyoning narigi tomoni yoki koinotdan uchirilgan raketani ham to‘xtatishga qodir” bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA