Tramp 2024 yil saylovda ishtirok etadimi?
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp saylovda yana ishtirok etishi ehtimoli borligini aytdi va “tez orada” rejasini oshkor qilishga va’da berdi.
Umuman, Tramp va AQSHning amaldagi yetakchisi Jo Bayden 2024 yil prezidentlik "poygasida" ishtirok etish-etmasligini kelasi hafta seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovdan so‘ng e’lon qilishi kutilmoqda.
“Men ikki marta “yugurdim”. Ikki marta g‘alaba qozondim va ikkinchi marta birinchisidan ancha yaxshi natijaga erishdim. 2020 yil 2016 yilga qaraganda millionlab ovoz ko‘p to‘pladim... Endi esa mamlakatimiz muvaffaqiyatli, xavfsiz va shonli bo‘lishi uchun yanada ko‘p harakat qilaman...” Bu bayonotni Tramp Ayovadagi mitingda berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani, ammo ovozlar soxtalashtirilishi tufayli ikkinchi muddatdan mahrum bo‘lganini ta’kidlashda davom etyapti. Uning sud orqali ehtimoliy firibgarlikni isbotlash, Baydenning g‘alabasiga qarshi chiqishga urinishi hech qanday natija bermagan.
O‘zA