Qo‘lni yuvish – bir qarashda oddiy va e’tibor qilinmaydigan jarayon. Lekin qo‘llarimizni doimiy ravishda yuvib yurish orqali qancha mikrobu viruslardan himoyalanar ekanmiz. Mutaxassislarning izoh berishicha, yuqumli kasalliklarning aksariyati qo‘llarimizni toza yuvmaslik ortidan organizmimizga o‘tadi.
Bejizga qo‘llarni yuvish haqida gap boshlamadik. Yaqinda qabul qilingan davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda joriy yilning 1 mayidan aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillarining sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Toza qo‘llar” dasturini amalga oshirish borasida muhim vazifalar belgilab berildi va bu ham bejizga emas, albatta. Binobarin, ozodalikning salomatlik uchun qanchalar muhim ekanligini bolalikdanoq singdirib borilishi uning keyingi hayotida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Farmonga muvofiq “Toza qo‘llar” dasturi bo‘yicha barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. Biz mavzu yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi vakillari bilan birgalikda Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, ayni jarayonlar bilan yaqindan tanishdik.
Dastlabki manzil Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘ldi. Mutaxassislar ishtirokida markazdagi bemor bolalar yotib davolanadigan palatalardagi gigiyenik xonalarni ko‘zdan kechirdik. Palatalar, oshxonalar, qabul bo‘limlari, muolaja xonalaridagi qo‘l yuvish rakovinalari, suyuq sovunlar, antiseptik vositalar, maxsus xalatlar, niqoblar bilan ta’minlanganlik holatini tekshirdik.
[gallery-21879]
– Hozirgi kunda bolalar o‘rtasida ko‘proq kasalliklar shaxsiy gigiyenaga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelmoqda, – deydi bosh shifokor o‘rinbosari Ulug‘bek Rahmonov. – Markazimizda 0 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatamiz. Murojaat qilgan bemorlar bilan birga keluvchilar uchun oyoqlariga baxilla, bir martalik niqob, antiseptik vositalar tashkil qilganmiz. Bundan tashqari, markazdagi 19 ta bo‘lim va palatalarning har biri kerakli gigiyena vositalari bilan ta’minlangan va bu ishlar doimiy nazoratga olingan. Bemor bolalar uchun har bir palatada qo‘l yuvishda muhim gigiyenik vositalar mavjud.
Albatta tozalikka e’tibor mustahkam sog‘lik garovidir. Avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni bola oiladan, undan keyin bog‘chadan o‘rganishi zarur. Shunda bolada gigiyenik immunitet shakllanib boradi.
Keyingi manzil Qarshi shahrida 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. 180 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida ham tozalik masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Tarbiyachining savollariga burro javob qaytarayotgan bolajonlar uchun gigiyenaga amal qilish aslida kundalik odatga aylangan. Bog‘chadagi ko‘nikma esa ularga tozalikka rioya qilishning afzalliklari xususidagi tushunchalarining ortishiga yaqindan ko‘mak bermoqda.
– Bolalarni shaxsiy gigiyenaga amal qilishi avvalo oiladan boshlanadi, – deydi 16-maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi Madina Boboqulova. – Ovqatlanishga o‘tirishidan oldin qo‘llarini yuvib keyin dasturxonga o‘tiradigan bolalar ko‘p. Demak, ularning oilasida bunga amal qilinadi. Bog‘chamizda ham shaxsiy gigiyena qoidalarini bolajonlarga to‘liq o‘rgatamiz. Tozalikka rioya qilish, bu ularning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi. Bog‘chamizda buning uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Rakovinalar, antiseptik gellar, suyuq sovun va boshqalar bilan to‘liq ta’minlangan. Shuningdek, ota-onalarga ham bu borada doimiy tavsiyalarimizni berib boramiz.
Bundan tashqari, farmonda sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilash choralari ko‘rilishi, barcha qurilayotgan yangi muassasalarda esa ular binolarning ichki qismida joylashtirilishi kerakligi ham aks etgan bo‘lib, bu borada zarur chora tadbirlar ishlab chiqilmoqda, deydi mas’ullar.
– Joriy yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, davolash profilaktika muassasalarida, jumladan, ambulator poliklinikalar va viloyat hamda respublika miqyosidagi barcha shifoxonalarimizda birinchi o‘rinda shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, asosan palatalarda, vrachlar qabulxonalarida, muolaja va bog‘lov xonalarida umuman barcha joylarda shaxsiy gigiyenaga amal qilish bo‘yicha doimiy va tizimli ravishda nazorat o‘tkazib bormoqdamiz, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Qodirova. – Tibbiyot xodimlari, ayniqsa, bolalar o‘rtasida shaxsiy gigiyenaga rioya qilish bo‘yicha joylarda doimiy ravishda tushuntirish ishlari, davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, kichik tibbiyot xodimlari o‘rtasida sanitar gigiyenik o‘qitish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Albatta, gigiyena qoidalariga rioya qilish orqali oilangizni ko‘pgina kasalliklardan himoya qilishingiz hamda oldini olishingiz mumkin. Qolaversa, bir qaraganda unchalik muhim bo‘lmagandek ko‘rinadigan oddiy qoidalar keyinchalik turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblarni bartaraf etish orqali, har xil yuqumli kasalliklarning bir odamdan boshqasiga o‘tishining ham oldini olishini unutmaslik lozim.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari