Toza suv – sog‘lom tana, tiniq chehra manbai
Surxondaryo viloyatida o‘tgan yil 157 mahalladagi 65 ming 396 nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 203 mahalladagi 484 ming 500 iste’molchining ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi. Yoki viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 2024 yilgi 65,3 foizdan 67,5 foizga yetdi.
Toza suv – salomatlik manbai. Bolaligimizda bobolarimiz bejiz iste’mol qilayotgan obi-hayotingiz chuchuk, minerallarga boy bo‘lsa, chehrangiz tiniq, tanangiz tetik bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa-chi? Buyrak va o‘tingingizda tosh paydo qiladi. Jigaringiz yaxshi ishlashiga ta’sir etadi. Yuzingiz so‘lg‘in, tanangiz og‘ir bo‘ladi. Obi-hayotning ham qadriga yetish kerak, deyishmagan.

Bu so‘zlarning mazmun-mohiyatini глobал iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi bilan suvga bo‘lgan talab ortib borayotgan, tiriklik manbaimiz taqchillashib, sho‘rlanayotgan hozirgi paytda yanada teran anglayapmiz. Obi-hayotning qadriga yetish, undan ortiqcha isrof qilmay foydalanish zarurligini chuqur his etyapmiz.

Salomatlik manbaimiz taqchilligini yumshatish uchun mamlakatimizda keyingi yillarda suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Surxon vohasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanib, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan To‘palang suv omboridan olib kelinayotgan minerallarga boy ichimlik suvi 500 ga yaqin mahalladagi 1 million 700 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi muammosini hal etadi. Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasi hududida qazilgan artezian quduqlari to‘liq ishga tushsa, Termiz tumanidagi 50 mingga yaqin iste’molchilarning ichimlik suvi ta’minotini yaxshiladi. Shuningdek, joylarda artezian qudug‘i qazilib, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eskirgan suv minoralari va suv quvurlarini yangilab, iste’molchilarga sifatli ob-hayot yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi 724 ta mahalladan 73 tasi to‘liq va 575 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 76 mahalla aholisi muqobil manbalardan foydalanmoqda. Vohadagi yirik “To‘palang suv tozalash inshooti” bir kecha-kunduzda aholiga 200 ming kub-metr, “Xo‘jaipok guruhli suv ishlab chiqarish inshooti” 69 ming kub-metr va Xo‘jamayxona tabiiy bulog‘i 29 ming kub-metr obi-hayot yetkazib berish quvvatiga ega.

– Ortda qolgan yil Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida 21 ta, shundan, yildan-yilga o‘tuvchi 16 ta, yangidan boshlanuvchi 5 ta ichimlik suvi va oqova suvi ob’ektida yangi qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish belgilangan edi, – deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari O‘roqali Diyorov. – 231,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i barpo etish, 1 ming 318 ta aholi xonadoniga suv hisoblagich o‘rnatish, 12,6 kilometr oqova suv tarmog‘i, 9 ta ichimlik va 1 ta oqova suv inshootida qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘tgan yil ana shu ob’ektlarning 15 tasi foydalanishga topshirildi. To‘rttasida qurilish ishlari davom etmoqda. Qolgan ikkitasida qurilish ishlari shu yil boshlanadi.

Inson qadrini ulug‘lab, aholini minerallarga serob, toza suv bilan ta’minlash, sog‘lom avlodni kamolga yetkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun katta mablag‘ sarflanib, bunyodkorlar qishin-yozin ter to‘kib, mehnat qilmoqda. Xususan, vohada o‘tgan yil aholining toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun qariyb 694 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 216,7 kilometr quvur yotqizildi. 12,3 kilometr oqova suv tarmog‘i tortildi. 8 ta ichimlik hamda 1 ta oqova suv inshooti qurildi. 1 ming 318 xonadonga suv hisoblagich uskunasi o‘rnatildi.

Suvsozlarning aytishicha, yil davomida davlat dasturlari, mahalliy byudjet, “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati va homiylik mablag‘lari hisobidan 484,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurildi. 54,5 kilometrtarmoq va 176 ta suv nasosi profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilib joriy va mukammal ta’mirlandi. Ichimlik suvi inshootlariga 83 ta energotejamkor nasos o‘rnatildi. Ko‘chadagi suv jo‘mraklaridan foydalanadigan 10 ming 920 iste’molchining ichimlik suvi tarmog‘i xonadoniga kiritildi, 38 ming 473 iste’molchiga suv hisoblash uskunasi o‘rnatib berildi. Oqova suv quvurlarining ekspluatatsiya muddatini oshirish bo‘yicha ham katta hajmdagi ish bajarildi.
Viloyatda ajratilgan barcha mablag‘lar hisobidan 157 mahalladagi 65 ming 396 nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 203 mahalladagi 484 ming 500 iste’molchining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi yil boshidagi 65,3 foizdan 67,5 foizga yetkazildi.
Yakunlangan yil “To’palang HPD Platinum” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 1 milliard 913 million so‘mlikdan ortiq qurilish-montaj ishlarini bajarib, “To‘palang suv ombori”ning minerallarga boy zilol suvini Termiz shahri aholisiga ham yetkazib berdi. 20 ta mahallada yashovchi 113 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi.
Mega loyihaning dastlabki bosqichida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarining 35 ta mahallasida yashovchi qariyb 135 ming iste’molchi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, o‘tgan yil ikkinchi bosqichida, shuningdek, Oltinsoy tumanidagi 16 ta mahallada istiqomat qiladigan 44 ming va Bandixon tumanidagi 17 mahallada yashovchi 42 ming 400 dan ortiq aholi minerallarga boy obi-hayotdan bahramand bo‘la boshladi. To‘palang asosiy magistral tarmog‘idan 200 metr qo‘shimcha tarmoq tortilib, “Xo‘jaipok” magistral tarmog‘iga ulash orqali Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor va Muzrabot tumanlarining 69 mahallasidagi 193 ming kishining ichimlik suvi ta’minoti tubdan o‘zgardi.
Yangi yilda mega loyiha to‘liq ishga tushirilib, Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlaridagi iste’molchilari ham tabiiy minerallarga boy obi-hayot bilan ta’minlanadi. “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati suvsozlari ichimlik suvi inshootlarining ekspluatatsion muddatini uzaytirish uchun rejadagi suv saqlash hovuzlarini, suv minoralarini yuvib, tozalaydi. Yangi artezian quduqlar qazish, suvi cho‘kib, tarkibi o‘zgargan suv quduqlarini tubdan ta’mirlash, yangi quvurlar tortish evaziga aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi yanada oshiriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri