Poytaxtimizda “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi tashkil etildi. Bunda YPX maskanlari, ko‘chalar hamda avtokorxonalarga kirish va chiqish joylarida foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Toza havo” oyligi O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonuni talablari ijrosini ta’minlash, foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazorat olib borish maqsadida respublika miqyosida doimiy tarzda tashkil etilmoqda.
Xususan, joriy yilning 10 aprelidan 10 mayiga qadar “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi, 10 avgustdan 10 sentyabrga qadar ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. 10 sentyabrdan 10 oktyabrga qadar esa tadbir Toshkent shahrida davom ettirilmoqda.
Mazkur tadbir davomida atmosferaga davlat standartlarida belgilangan normalardan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqarayotgan texnika vositalari aniqlanmoqda va ularning faoliyati nuqsonlari bartaraf etilgunga qadar to‘xtatilmoqda.
“Toza havo” oyligining birinchi bosqichida jami 205 ming 184 ta, ikkinchi bosqichida esa 167 ming 324 ta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan o‘tkazildi. Nosoz texnika vositalari vaqtincha to‘xtatilib, ta’mirlatish evaziga birinchi bosqichda jami 147,2 tonna, ikkinchi bosqichda esa 82,1 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olindi.
Shu bilan birga, davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan avtotransport haydovchilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan choralar ko‘rilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA