Toyota savdo rekordini o‘rnatdi
"Toyota" 2025 moliyaviy yilida rekord darajadagi global savdo ko‘rsatkichini e’lon qildi. Binobarin, bu muvaffaqiyat qisman mintaqaviy talabga oid o‘zgarish va geosiyosiy qiyinchiliklar bilan ham bog‘liq.
“Toyota Motor Corp” bir yilda butun dunyo bo‘ylab rekord darajada – 10,48 million avtomobil sotilganini ma’lum qildi. Kompaniya bir yillik tanaffusdan so‘ng yana rekord o‘rnatdi. Bu haqda Kyodo agentligi xabar bergan.
AQSH joriy etgan yuqori tarifning salbiy ta’siriga qaramay, asosan Shimoliy Amerikada gibrid avtomobilga nisbatan kuchli talab tufayli savdo o‘sishi kuzatildi.
Darvoqe, mintaqadagi mojaro tufayli kun chiqar yurtdan Yaqin Sharqqa avtomobil eksporti mart oyida qariyb ikki barobar kamayib, 17 000 taga tushgan.
Raqobat kuchayishi ortidan Xitoyda savdo ko‘rsatkichi 1,4 foiz tushib, 1,76 million donani tashkil etdi. Yaponiyada esa 2,0 foiz kamayib, 1,47 million donani tashkil qildi.
Elektr transport vositalari global savdosi 6,5 foiz o‘sib, rekord darajadagi 5,04 million avtomobilga yetdi.
G.Sattorova, O‘zA