Toyloqda banan yetishtiriladi
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida yangi daromad manbalarini yaratish hamda yuqori rentabelli mahsulot yetishtirishni kengaytirish maqsadida 20 ta fermer xo‘jaligining jami 5 gektar maydonda hamda Katta Ravot mahallasida esa 100 ta xonadondagi issiqxonada banan yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tumandagi “Vorsin” agrofirmasida o‘tkazilgan amaliy seminarda hududda bananchilikni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda yuqori daromadli mahsulot yetishtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Seminarda tumanda yangi yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, mavjud tajribalar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi. Mutaxassislar tomonidan mahalliy sharoitda banan yetishtirish imkoniyatlari, uning hudud iqlimiga moslashuvchanligi, hosildorligi hamda parvarishlashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil tushuntirish berildi. Ayni paytda bu borada natijaga erishayotgan tomorqachilar tajribasiga e’tibor qaratildi.

– Tuproq va iqlim sharoitimiz issiqxonada banan yetishtirishga mos, – dedi seminarda qatnashgan Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev. – Viloyatimizning bir qator hududlarida yangi ekin turini parvarishlashni o‘zlashtirib, natijaga erishayotgan tadbirkorlar, tomorqa egalari bor. O‘zimizning Katta Ravot mahallasida ham bu borada yaxshi tajriba to‘plangan. Endi buni keng ommalashtirish, bu serdaromad mahsulot yetishtirishni kengaytirish kerak. 2027-yilda ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirishga kirishamiz. Bu aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda yangi imkoniyat hisoblanadi.

Tadbir ishtirokchilari agrofirmada banan yetishtirish jarayoni bilan tanishib, agrotexnik tadbirlar, hosildorlikni oshirish va mahsulot yetishtirish samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashdilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri