Toyloq sanoati rivojlanish bosqichida
Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini oshirish borasidagi ishlar samarasi Toyloq tumani iqtisodiyotida ham o‘z aksini topmoqda. Keyingi o‘n yillikda sanoat sohasiga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tufayli mazkur tumanning viloyat sanoatidagi ulushi 5,6 foizni tashkil qilib, 16 shahar va tuman orasida to‘rtinchi o‘rinda qayd etilmoqda.
Birgina joriy yilning dastlabki choragida 1,2 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Adas mahallasida tumanda birinchi marta elektrotexnika yo‘nalishida “Skywall” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 1,1 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha amalga oshirilib, sun’iy intellekt orqali boshqariladigan zamonaviy televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 50 ta ish o‘rni yaratildi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “PET AGRO OIL” qo‘shma korxonasi tumanning yirik sanoat sub’ektlaridan biri hisoblanadi. Yetti yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada o‘simlik moyi, yog‘-moy mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqariladi. 300 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozor bilan birga eksportga yo‘naltiriladi. Jumladan, o‘tgan yil “PET AGRO OIL” MDH va Yevropa davlatlariga 11,9 million dollarlik eksportni amalga oshirgan.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulot sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Ishlab chiqarishda ilg‘or texnologik yechimlardan foydalanish mahsulot sifatini ta’minlash, energiya tejamkorligini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Korxona mas’ullarining qayd etishicha, “PET AGRO OIL” faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri iste’molchilarga yuqori sifatli va xavfsiz mahsulotlarni yetkazib berishdan iborat. Shu maqsadda korxonada xomashyoni qabul qilishdan boshlab tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar zamonaviy standartlar asosida amalga oshiriladi. Shuning uchun korxona xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan oziq-ovqat sanoat yarmarkalarida muntazam ishtirok etib, mahsulotlarini Yevropa bozorlarida ham sotishga erishmoqda.
[gallery-30279]
– Tumanimizda “PET AGRO OIL” singari korxonalarni ko‘paytirish va sanoat salohiyatini oshirish borasida aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda, – deydi Toyloq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Adham Sharipov. – Jumladan, bu yil 5 ta yirik sanoat loyihasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Bog‘izog‘on mahallasida “Grant perilla nerjaveyka” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 10 million dollar bo‘lgan pet qoplamali leksan mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi va 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu mahallada “Samarqand kartoshkachilik markazi” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 2,7 million dollarni tashkil qiladigan kartoshkani saralash va chipslar ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish bo‘yicha ishlar boshlangan. “Agro Plyus Impeks” korxonasi esa 1,5 million dollarlik loyiha asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda sabzi sharbati ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish harakatida. Sanoat sohasida amalga oshiriladigan loyihalar va chora-tadbirlar natijasida yilning birinchi yarmida 1,7 trillion so‘mlik, yil yakuni bilan 4,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 9,2 foiz o‘sish ta’minlanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari