Birinchi maqola 

Nega yapon yuz yil yashar-u
O‘zbek buncha yoshga bormaydi?
Chunki yapon bizdek qorong‘u
Sahar turib oshga bormaydi.

Motamida u obro‘ uchun
Elni chorlab ziyofat qurmas.
Bayramida bel bog‘lab uch kun
Shamdek qotib ko‘chada turmas.

Garchi bizdan yuz bor farovon,
Garchi bizdan yuz karra to‘qdir.
To‘y xarjida yuzta boy yapon
Bir kambag‘al o‘zbekcha yo‘qdir.

Bu so‘zimni yaponga aytsam,
Dedi battar qisib ko‘zini:
Yapon bundoq yasholmas hech ham,
Xarakiri[1] qilar o‘zini.

(1 Xarakiri — yapon samuraylarining or-nomus uchun o‘z joniga qasd qilishi).

Suyukli shoirimiz Erkin Vohidovning “Nega yapon yuz yil yashar...” she’rini o‘qib, bugungi dabdabali to‘ylarimiz, hoyu-havasga berilib, o‘zimizni tashvishga qo‘yayotganimiz haqida mulohaza qilgim keldi. Garchi bu haqda ko‘p gapirilgan, ko‘p yozilgan bo‘lsada, unutuvchi xilqat ekanimizga boraveramiz...

To‘ylar azaldan xursandchilik, yaxshi kun, yangi oila bunyodga kelishi sifatida xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Qolaversa, ota-bobolarimizdan, momolarimizdan meros milliy an’ana, urf-odat va rasm-rusumlarni o‘zida mujassam etgani bilan ham qadrli, qalbimizga, ruhimizga yaqin bo‘lgan. Shu bois, to‘y-marosimlarga o‘zligimizni saqlovchi, xalqni ma’naviy-ruhiy jihatdan tarbiyalovchi vosita sifatida ham qaralgan. 

Afsuski, katta xursandchilik bo‘lgan to‘ylarimizni keyingi vaqtlarda dabdababozlikka, “otdan qolma eshagim” qabilida kimo‘zarlik poygasiga, o‘zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantirayapmiz. Haddan ziyod to‘kin-sochin dasturxon, millatimizga xos bo‘lmagan turli yot odatlar, qiz bazmiyu “Love Story”ga o‘xshagan qo‘shimcha marosimlar, adog‘i yo‘q sarpoyu tog‘oralar ko‘p hollarda ortiqcha muammolarga yo‘l ochmoqda. Yangi qurilayotgan oila avval boshidan janjalu tortishuvlar, yigit-qiz yoki qudalarning o‘zaro kelishmovchiligi bilan boshlanmoqda. Qudachilik — ming yilchilik, degan qarashlarimiz, afsuski, keraksiz hoyu-havaslar ortidan aks ta’sirini ko‘rsatib, quda-andachilik rishtalarini yuzko‘rmaslikka, dilxiralikka aylantirmoqda.

Minglab mehmon chaqirib, eng qimmat restoranlarda, eng mashhur xonandalarni taklif etgan holda o‘tkazilayotgan to‘ylar oqibatida ko‘pgina to‘y egalari qarzga botib qolmoqda. Yoki ortiqcha stress va asabbuzarliklar natijasida kasallik orttirib olishmoqda. Oila qurayotgan yoshlar esa to‘yga chaqirilmagan “falonchi” artistning dardida yoki “Love Story” uyushtirilmagani achchig‘ida kelisholmay qolishyapti.

Ajdodlarimiz asrlar davomida rioya qilib kelgan an’analar, milliy urf-odatlar unutila boshlandi. “Chimildiq” milliy filmimizni har gal maroq bilan tomosha qilaman. Boisi, unda to‘ylarimizga oid milliy urf-odat va an’analarimiz go‘zal tarzda namoyon etilgan. 

Ammo bugungi kun yoshlari bunday urf-odatlarimiz haqida hatto tasavvurga ham ega emas. Biroz xabari bo‘lganlari ham ularga eskilik sarqiti sifatida qarashadi. Asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, milliy o‘ziga xosligimiz namoyoni bo‘lgan urf-odatlarimiz shu tariqa yo‘qolib ketmoqda. Ularning o‘rnini esa ovro‘pacha odatlar, milliyligimizga, o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydigan, yot urflar egallamoqda. 

Bugungi to‘y-marosimlarimizda shariatimiz qoida va ahkomlariga amal qilinmay qo‘yildi. Kim uylanadigan bo‘lsa, kuchi yetganicha, o‘zini ortiqcha urintirmasdan to‘y qilib berishi sunnatdir, deyiladi. Payg‘ambarimiz collallohu alayhi vasallam ham uylanganlarida imkonlari boricha to‘y qilib berganlar. Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda “Payg‘ambarimiz (S.A.V) Safiya onamizga uylanganlarida mehmonlarni xays (xurmo va yog‘dan tayyorlanadigan, ko‘rinishi bizdagi holvaytarga o‘xshagan taom) bilan mehmon qildilar”, deyiladi. 

Yana Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Eng barakali nikoh – xarajatlari yengil bo‘lganidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati). Demak, nikohning barakaliligi sabablaridan biri nikoh xarajatlari va dabdabalarining kamroq, yengilroq bo‘lishidir. To‘ylarda ham mo‘’tadillik yo‘lini tutish dinimizga xos xususiyatlardan sanaladi. 

Koronavirus pandemiyasi davrida to‘ylarimizni dabdababozlikdan xoli, kamchiqim, ixcham, mehmonlar soni cheklangan holda o‘tkazishga biroz bo‘lsada moslashib, ko‘nikib qolgan edik. Ammo bugun to‘y-tantanalarimiz yana katta-katta davralarga ko‘chdi, minglab mehmonlar chaqiriladi, yana qancha tanish-bilishlar to‘yga aytilmaganidan gina-guzora qilishadi. Odmilik, kamchiqimlik, ixchamlashtirilgan to‘y o‘tkazish “uyat va gap-so‘zga qolish” darajasiga yetdi.

Qimmat restoranlaru dabdabali to‘yga, kiyib-kiyilmaydigan sarpolarga ketadigan sarf-xarajatni yangi oilaning mustahkamligi uchun, yoshlarning ilm, kasb-hunar  o‘rganishi uchun sarflansa, ko‘proq foydali va manfaatli bo‘larmidi?! Afsuski, bugun yoshi kattalarimiz ham, ilm-ma’rifatli, ma’naviyatli insonlar ham “el qatori” bo‘lish ilinjida dabdababozlikka yo‘l qo‘yishmoqda. Bugungi to‘y-tantanalarning “el qatori”si esa bir oilaning bir umr yig‘ib-terganiyu yana qarz ko‘tarib, millionlar xarajat qilinganidir.

Shoirimiz ta’riflaganidek, to‘y xarjida yuzta boy yapon bitta kambag‘al o‘zbekka teng kelolmaydi. Ammo yaponlar bor sarmoyasini o‘zini rivojlantirishga, ilm egallashga, farzandining yuksalishiga sarflagani bois har sohada ilgarilab ketmoqda. To‘g‘ri, tinch yurtga, to‘q elga to‘y-tomosha tatiydi, yarashadi. Ammo to‘y-tantana va marosimlarda ham oltin o‘rtaliqni, mo‘’tadillikni unutmaslik — eng munosib yo‘l. 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘y xarjida yuzta boy yapon — bir kambag‘al o‘zbekcha yo‘qdir