To‘xtab turgan mashinada yong‘in sodir bo‘ldi
Yo‘l chetida to‘xtab turgan “UAZ-3303” rusumli avtoulovda yong‘in kelib chiqqanligi haqida Zarbdor tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan.
To‘xtab turgan avtotransport vositasida yong‘in qanday kelib chiqqan, ushbu favqulodda holatning yuzaga kelishiga nima sabab bo‘lgan?
Ayni paytda tuman mutasaddi idora xodimlari ushbu savolga javob izlamoqda.
– Yong‘in shu tumandagi “Oq yo‘l” ko‘chasida to‘xtab turgan, “Ravot” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaroga tegishli bo‘lgan “UAZ-3303” rusumli avtoulovda sodir bo‘lganligi qayd etildi, – deydi Jizzax viloyati Zarbdor tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari kapitan Sanjar Xolmuradov. –Voqea joyiga Zarbdor tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limidan 1 ta yong‘in qutqaruv ekipaji jalb qilinib, yong‘in qisqa fursatlarda bartaraf etilgan. Hech bir fuqaro zarar ko‘rmagan.
Tilsiz yov natijasida zarbdorlik fuqaroga tegishli bo‘lgan “UAZ-3303” rusumli avtoulovning salon qismi yonib, jiddiy zarar ko‘rgan.
Zarar miqdori mutaxassislar tomonidan hisob-kitob qilinib, ushbu favqulodda holatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA