Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever o‘z chiqishida Yevropa Ittifoqidagi muzlatilgan Rossiya aktivlarini “tovuq”, olinayotgan foydani esa “tilla tuxum” deb atadi. Hozirgacha YeI faqat daromaddan foydalanib, asosiy mablag‘, ya’ni “tilla tuxum” berayotgan “tovuq”qa tegmayotgan edi. Endilikda ko‘hna qit’a faqat tuxumni emas, tovuqni ham yeyishni istayapti. Shunday vaziyatda kichik qirollik hukumati rahbari ittifoqchilar o‘rtasiga bir savol tashladi: Tovuqni yesak, muammo yuzaga kelib, tilla tuxumdan mahrum bo‘lmaymizmi?
Demak, Belgiya RF muzlatilgan aktivini ishlatish bilan turli xavf-xatarga duch kelinishidan cho‘chiyapti. Bosh vazir hamkorlarni 140 milliard yevroni Ukrainaga yo‘naltirishdan oldin ishonchli kafolat olishga chaqirdi. Umuman, Yevrokomissiya ishlab chiqqan bu taklif Belgiyada qizg‘in muhokama qilinishining sababi bor: bu davlatda “Euroclear” ya’ni, Rossiya Markaziy bankining G‘arbiy ittifoqchilar tomonidan muzlatilgan aktivi saqlanadigan markaziy depozitariy joylashgan. Shu bilan birga notiq AQSH siyosati o‘zgaruvchanligi tufayli Kiyevga yordam berish zarurligini tan oldi. Zero, Prezident Donald Tramp Rossiya masalasini, negadir, faqat Yevropa muammosi, deb hisoblay boshladi.
Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-2027 yillarda Ukraina byudjet tanqisligini yopish uchun 60 milliard yevro va qurol-aslaha uchun yana shuncha mablag‘ga muhtoj bo‘ladi. Shu bois Bosh vazir YeI oldida jiddiy muammolar turganini eslatdi.
– Tovuqni hozir yeb qo‘yadigan ishtahangiz borligini yaxshi tushunaman, – deya qo‘shimcha qildi de Vever. – Yevropaning ba’zi davlatlari Vashington chekinishidan so‘ng “asosiy to‘lovchi”ga aylanib qolishi mumkin. Agar biror kutilmagan holat yuz bersa, zararni qoplash majburiyati barchaga teng taqsimlanishi nazarda tutilmoqda.
Hozircha muhokama bosqichidagi rejaga ko‘ra, “Euroclear” Rossiyaning qolgan naqd mablag‘ini Yevrokomissiyaga o‘tkazadi. Shundan keyin Ukrainaga 140 milliard yevro kredit ajratiladi. Bu mablag‘ belgilangan shart asosida ma’lum vaqt ichida bo‘lib-bo‘lib beriladi. Kredit faqat RF Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplashga rozi bo‘lgandan keyin to‘lanishi taklif etiladi. Shu sababli bu amaliyotga “reparatsiya krediti” nomi berilgan. Shundan so‘ng Yevrokomissiya mablag‘ni “Euroclear” orqali Rossiyaga qaytaradi. Binobarin, Kreml reparatsiya to‘lashga rozi bo‘lishi ehtimoli juda kam. Shuning uchun bu reja amalda xalqaro huquq nuqtai nazaridan davlat aktivini musodara qilish, ya’ni hukmsiz tortib olish sifatida qabul qilinishi mumkin. Ko‘pchilik qatori Bosh vazir shundan xavotirda.
– Bu yerdagi hech kim, jumladan men ham, bu pul Putinga qaytarilishini istamaymiz, hatto bir sent ham, – dedi de Vever yig‘ilgan jurnalistlarga. – Demak, muammolarning oldini olish uchun bir necha huquqiy-moliyaviy talab bajarilishi kerak.
U ayniqsa xavf-xatar yuzaga kelgan vaziyatdagi teng taqsimot masalasiga alohida urg‘u berdi. Masalan, Belgiya aholisi bor-yo‘g‘i 11 million kishidan iborat kichik davlat sifatida ayni muammo oldida yolg‘iz qolib ketmasligi lozim. Germaniya, Fransiya, shuningdek Boltiq bo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlari taklif etilayotgan yangi loyihani qo‘llab-quvvatlagan.
– Hozir o‘ta nozik ishga kirishyapmiz, – deya xulosa qildi u. – Balki bundan keyin yillab davom etadigan sud jarayonlariga duch kelishimiz mumkin. Shuning uchun har bir davlat o‘z ulushiga yarasha kafolat berishi kerak. Rejalashtirilayotgan ish xavfli. Bundan barcha boxabar bo‘lishini istayman. Nima bo‘lgan taqdirda va qayerga borayotganligimizdan qat’i nazar, biz bir qayiqdamiz.
E’tibor bersak, bu fikrlar Rossiya Prezidentining xorijiy kompaniyalar aktivini tezkor holda milliylashtirish to‘g‘risidagi farmonidan so‘ng aytilmoqda. RF yetakchisi matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur g‘oyani shunday sharhladi:
– Rossiya mulkini noqonuniy olib qo‘yish rejasi, sodda qilib aytganda, o‘g‘irlik. Bunga aloqador shaxslar va davlatlar javobgarlikka tortiladi.
Chorshanba kuni esa Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen janob Veverning xavotirli chiqishidan so‘ng Belgiya bu masalada yolg‘iz qolmasligini ta’kidlab, xavotirni yumshatishga urindi.
Uning fikricha, eng ma’qul yo‘l YeI byudjeti orqali kafolat berish. Faqat buning uchun 27 davlatning yakdil roziligi talab qilinadi.
Belgiya Bosh vaziri esa ittifoqdagi 25 davlat qo‘llab-quvvatlagani bilan, Vengriya va Slovakiya qarshi chiqqanini ham bildirdi. Shuningdek, u reparatsiya krediti faqat Belgiyadagi muzlatilgan mablag‘ asosida shakllanishidan norozilik bildirdi. Ya’ni, “RF aktivi boshqa davlatlarda ham muzlatilgan-ku”, deya Buyuk Britaniya, Shveysariya, AQSH va Yaponiyani misol keltirdi.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, “tovuq” ya’ni Rossiyaning muzlatilgan aktivi boshqa davlatlarda ham bor. Unda nima uchun faqat Belgiyadagi yeyilishi kerak? Bosh vazir Bart de Vever aynan shuni tushunmayapti.
Har holda Yevrokomissiya vakili bu taklif hali ishlab chiqish bosqichida ekani va siyosatchilar fikri inobatga olinishini bildirib, uni tinchlantirib qo‘ydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WYAT7ZvC0sk?si=p0uj6ypYQLuLyWju" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA