O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholi va korxonalarga taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlar yuzasidan foydalanuvchilar fikrini o‘rganish, mavjud imkoniyatlar va muammolarni aniqlash, bunda fuqarolarning huquqlari qanday ta’minlanayotganini baholash maqsadida yurtimizdagi yirik korxonalardan biri — “Navoiyazot” AJga jamoatchilik so‘rovi kiritildi.
Bugungi kunda yurtimizda fuqarolarning huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga, ayniqsa, iste’molchi sifatidagi huquqlarining kafolatlanishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ish va xizmatlar bozorida aholi uchun qulayliklar yaratilishi va imtiyozlar berilishi barobarida ishlab chiqaruvchilar hamda xizmat ko‘rsatuvchilardan mahsulot, ish va xizmatlarning sifatli, odamlar hayoti va sog‘ligi uchun zararsiz va kafolatli bo‘lishi talab etilmoqda. Bunda, albatta, jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “ 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va ushbu hujjat asosida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga
oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki darajasini oshirish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarida ham fuqaro (iste’molchi)larning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan, ijtimoiy sheriklik asosida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish hamda sohada islohotlarning ochiqligi va jamoatchilik ishtiroki darajasi, iste’molchilar xavfsizligi, ekologik ta’sir, mahsulot sifati, ijtimoiy mas’uliyat va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilib borishda jamoatchilik vakillarining o‘rni va roli belgilab qo‘yilgan.
“Navoiyazot” AJ mamlakatimizdagi eng yirik kimyo sanoati korxonalaridan biri bo‘lib, bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va ishchilar mehnat qiladi.
Fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyalanishini ta’minlash, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish borasidagi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, ko‘rsatilayotgan ish va xizmatlar xavfsizligi, ekologik ta’siri va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ushbu so‘rovning asosini tashkil etadi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusida jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi ham rejalashtirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri