Toshqinlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda
Bahor va yoz oylarida sel va suv toshqinlari tez-tez qayd etiladigan hududlar sirasiga Andijon viloyati ham kiradi. Shu bois, viloyatda sel kelishi, suv toshqini bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlarning oldini olish, oqibatlarini yengillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, viloyatining Oqbo‘yrasoy, Aravonsoy, Tentaksoy, Maylisoy hududlarida joylashgan kichik daryo va soylarda suv sarfining kutilmaganda ortishi aholi yashash punktlari, qishloq xo‘jaligi yerlari va infratuzilma ob’ektlariga xavf tug‘diradi.

Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida viloyatda sel-toshqin xavfini kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, adirlik hududlarda barpo etilgan selning oldini olishga mo‘ljallangan maxsus maskanlar yomg‘ir suvlarini ushlab qolishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zovurlarni tozalash, ularning suv o‘tkazish quvvatini saqlab qolish hamda atrofida noqonuniy qurilishlarga qarshi zarur ishlar olib borilmoqda.

Sel va suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha tegishli hujjat va topshiriqlarga asosan, suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan aholini erta ogohlantirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda favqulodda holatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, sel va toshqin xavfi yuqori bo‘lgan hududlar aniqlanib, tabiiy daryo va soylar kesimida xavf xaritalari shakllantirildi. Ularda suv sarflari bo‘yicha soatlik monitoringlar tashkil qilinib, holat doimiy kuzatuvga olindi.

Ayni paytda Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida doimiy navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, quyi tizim tashkilotlari hamda tumanlarda ham maxsus navbatchilik ishlab chiqilib, ana shu asosda ish olib borilmoqda. Mas’ul mutaxassislar kechayu kunduz daryo va soylardagi suv sarfi kuzatilib, jiddiy holatlarda tegishli tashkilotlar zudlik bilan xabardor qilinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda.

– Tog‘ va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilikning ortishi hamda Qirg‘iziston Respublikasidan keluvchi soylarda suv sarfining keskin ko‘payishi ehtimoli yuqori bo‘ladi, – deydi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Tohirov. – Shu bois, barcha gidrotexnik inshootlar, selxonalar va irrigatsiya tarmoqlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Navbatchilik tizimi kuchaytirilib, texnika va mexanizmlar shay holatga keltirildi. Asosiy maqsad, aholi xavfsizligini ta’minlash va toshqinlarning salbiy oqibatlarini oldini olishdir. Jumladan, Oltinko‘l tumanidagi Mazgilsoy kanalining turli hududlaridagi suv taqsimlash inshootlarida rekonstruksiya hamda ularning boshqaruv tizimini avtomatlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Oltinko‘l tumanidagi Asaka tashlamasining ma’lum qismida himoya dambalarini mustahkamlash, gidrotexnik inshootni rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Asaka tumani Qadim mahallasi hududida joylashgan “Haqiqat” kanali ostidan o‘tgan dyukerni rekonstruksiya qilish ishlari ham olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sel-toshqin xavfining oldini olish faqatgina tegishli tashkilotlar emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatini talab qiladi. Sel yo‘llari va kollektor-drenaj tarmoqlariga chiqindi tashlamaslik, sel maskanlari atrofida noqonuniy qurilish qilmaslik muhim ahamiyat kasb etadi.
Tabiiy ofatlarning oldini olishda ogohlik, tizimli tayyorgarlik va hamjihatlik eng muhim omil hisoblanadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.