Toshloqda kasbiy ta’lim muassasalari uchun amaliy seminar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Toshloq tumani 3-son texnikumida Farg‘ona viloyatidagi kasbiy ta’lim muassasalarining 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorgarligiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi mas’ullari, texnikum direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
[gallery-30655]
Seminar qatnashchilari ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Master House” amaliy o‘quv maydoni, ochiq osmon ostidagi kutubxona, Wi-Fi hududi, laboratoriya va ustaxonalar, shuningdek, obodonlashtirilgan hudud bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, yangi o‘quv yili arafasida texnikumda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qiymati 250 million so‘m bo‘lgan zamonaviy ustaxona foydalanishga topshirildi. Unda o‘quvchilarning kasbiy-amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Seminar yakunida kasbiy ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga puxta tayyorlash, ta’lim sifati va moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA