Toshloq: agrar tumandan sanoat markazi sari (+video)
Bir necha yillar avval Toshloq agrar tarmoqqa tayangan tuman edi. Paxtani qayta ishlash korxonasini hisobga olmasa, sanoat, bog‘dorchilik, xizmat ko‘rsatish sohalari drayver bo‘lolmagan. Bugun esa Toshloq Farg‘ona viloyatining yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi.
– Tumanimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarining soni 242 tani tashkil etadi. Ular tomonidan 2025-yilda 2 trillion 188 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 2026-yilda sanoat mahsulotlari hajmi 111 foizga oshishi, hajmini esa 2 trillion 700 milliard so‘mga yetkazish ustida ishlayapmiz, – deydi Toshloq tumani hokimligining bosh mutaxassisi Iqboljon Mirzarahmonov. – Buning uchun barcha sanoat korxonalari faoliyati muntazam ravishda o‘rganib borilyapti va muammolari yuzasidan yordam ko‘rsatilmoqda.

To‘g‘ri, Toshloqda to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, energetika va metallurgiya korxonalari ishlab turibdi. Ammo eng muhimi, u kattami, kichikmi faoliyat yuritayotgan bo‘lishi lozim. Masalan, mana bu “Shukrullox taraqqiyoti” xususiy korxonasini olaylik. Tumandagi sanoat zonasidan mo‘’jazgina yer olib, plastmassa buyumlari ishlab chiqarish zavodini qurdi. Hozir bu yerda 14 ga yaqin yoshlar mehnat qilmoqda. Uning mahsulotlarini Farg‘onaning har bir xonadonida uchratasiz. Chunki u sifatli, arzon va chidamli.
– Hozir 30 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqaramiz, – deydi “Shukurullo taraqqiyoti” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Behzod Topvoldiyev. – Ularni asosan ichki bozorga yetkazib beryapmiz. Bu yilgi tovar aylanmasi shu kungacha 2,5 milliard so‘mga yetdi. Yana 10 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Xitoydagi hamkorlarimizga ularning qoliplari yuzasidan buyurtmalar berganmiz. Shunday qilib, yil oxiriga qadar mahsulot turlari keskin ko‘payadi.

Xom-ashyodan tadbirkorning muammosi yo‘q. O‘zbekiston zavodlaridan istalgan turdagi granulalarni keltirish mumkin. Zamonaviy dastgoh va jihozlar Germaniya hamda Xitoydan olib kelingan. Tayyor mahsulot esa xaridorgir.
– Korxonamiz 2026-yilning o‘zida 350 million so‘mdan ziyodroq soliq tushumlari to‘ladi, – deydi Behzod Topvoldiyev.

Toshloqda hozir ikkita sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning biri “Taraqqiyot” deb nomlanadi va bu yerda yirik loyihalar amalga oshirilyapti.
– Tumandagi sanoat zonalariga jami 120 gektar yer ajratilgan. Barcha infratuzilma sharoitlari yaratilgan, – deydi Iqboljon Mirzarahmonov. – “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida metallurgiya zavodining yangi loyihasi ishga tushirilmoqda. Uning qiymati 120 million dollarni tashkil etadi. Unga ko‘ra 500 ta ishchi o‘rni yaratiladi. Loyihaning birinchi bosqichi shu yil ishga tushadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bfngGJnvAOY" title="Faoliyat yuritayotgan kichik korxonalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA