Toshkentni vayron qilgan tong: 1966-yilgi zilzilaga 60 yil to‘ldi (+video)
1966-yil 26-aprel kuni soat 5:23da Toshkentda dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. Bir kunda butun boshli shaharning katta qismi vayronaga aylandi, 78 ming oila boshpanasiz qoldi. Bugun ushbu fojiaga 60 yil to‘ldi.
Zilzila o‘chog‘idagi silkinish magnitudasi 5,2, epitsentrdagi yer yuzasida seysmik ta’sir esa 8 balldan ortiq, chekka joylarda 6 ballni tashkil etdi. Zilzilaning o‘chog‘i shaharning markaziy qismida nisbatan kichik chuqurlikda - yer tagida 3 kmdan 8 kmgacha - bo‘lganligi sababli zilzila shaharni to‘liq vayron qilib yubormadi. Seysmik tebranishlar ko‘proq vertikal bo‘lganligi uchun hattoki eski paxsali uylar to‘liq buzilishining oldi olindi. Kuchli zarbadan uylar qiyshayib va yorilib ketdi. O‘nlab, asosan jamoat binolari qulab tushdi.
78 ming oila, yoki o‘shanda poytaxtda istiqomat qilgan 1,5 millionlik aholining 300 mingdan ortig‘i uysiz qoldi. Zilzila oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi va taxminan 200 kishi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Toshkent aholisi piyodalar yo‘lagi va shahar xiyobonlaridagi maysalar ustida yoyilgan katta palatkalarga ko‘chib o‘tishdi. Suv quvurlari tarmog‘i ishlardi va elektr energiyasi uzilishlarsiz yetkazib berilardi, bu esa epidemiyaning oldini olishga yordam berdi.
Toshkentga palatkalar, dori-darmonlar, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, texnika yetkazildi. Shaharda 15 mingdan ortiq savdo palatkalari o‘rnatildi, 600 ga yaqin vaqtinchalik magazinlar va ommaviy ovqatlanish joylari ochildi.
1966-yil qishining boshidayoq quruvchilar 300 mingdan ortiq toshkentliklar uchun uy-joy barpo etishdi. 1968-yilga kelib Toshkent deyarli qayta qurilib bitkazildi. Toshkentning chekka hududlarida butun boshli mavzelar qad ko‘tardi, buzilib ketgan shahar markazida kvartallar qaytadan qurildi, yo‘ldosh shahar - Sergeli paydo bo‘ldi. Maktablar, madaniy-maishiy va ma’muriy binolar barpo etildi. Shaharning maydoni va aholisi 1,5 marotabaga ko‘paydi.
1976-yil fojeaning 10 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan "Jasorat" monumental majmuasi bugungi kungacha yurtimizda saqlanib qolgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wVfEL_9X2Eo" title="Toshkentni vayron qilgan tong: 1966 yilgi zilzilaga 60 yil to`ldi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA