Toshkentdagi suv havzalarida zaharlanish holatlari qayd etildimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi cho‘milish havzalarida cho‘milish natijasida aholi orasida kasallanish holatlari ko‘paygani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Xo‘sh, ushbu xabarlar qanchalik asosli?
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining rasmiy munosabatida qayd etilishicha, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan 57 ta cho‘milish havzasi Boshqarma va uning tuman bo‘limlari tomonidan muntazam sanitariya-epidemiologik nazoratga olingan.
Tasdiqlangan reja asosida suv namunalari har oyda bakteriologik va sanitariya-gigiyenik ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Joriy yil davomida cho‘milish havzalaridan 1 044 ta suv namunasi tahlil qilindi. Sanitariya talablariga javob bermagan holatlar aniqlangan 7 ta mavsumiy cho‘milish havzasida suv to‘liq almashtirilib, yuvish va zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, bugungi kunga qadar cho‘milish havzalarida cho‘milish natijasida zaharlanish yoki yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan boshqarmaga birorta ham shoshilinch xabarnoma kelib tushmagan.
“Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan mazkur xabarlar tasdiqlanmagan bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Fuqarolardan asossiz xabarlarga ishonmaslik, ularni tarqatmaslik hamda faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan ishonchli ma’lumotlarga tayanishlarini so‘raymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
M.Qosimova, O‘zA