27-30 iyun kunlari Butunjahon yoshlar festivali doirasida dunyodagi birinchi “Orzu” noyob xayriya ko‘rgazma-auksioni o‘tkazildi. U o‘ziga Rossiya, AQSH, Turkiya, Xitoy, Avstraliya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Fransiya va Germaniyadan kelgan xalqaro mehmonlarni o‘z ichiga olgan 3 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilarni jalb qildi.
Ko‘rgazmada ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar taassurotlari asosida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan 20 ta noyob kartina namoyish etildi. Qayd etilishicha, psixologlar va jurnalistlar bolalarning hikoyalari bilan yaratilgan rasmlarni sinchkovlik bilan tekshirishdi va ma’qullashdi. Shundan so‘ng kartinalar rassomlar tomonidan 20 ta asar ko‘rinishiga keltirildi.



—29 iyun kuni kim oshdi savdosi bo‘lib o‘tdi, unda barcha rasmlar muvaffaqiyatli sotildi. Jami 151 400 000 so‘m yig‘ildi. Kartinalar uchun narxlar oralig‘i 4 million so‘mdan 20 million so‘mgacha bo‘ldi, — deydi tadbir tashkilotchilari.
Auksionda eng qimmatga baholangan rasmni xitoylik sayyoh janob I sotib oldi.
—Ushbu rasmda baland tog‘lar va sharsharalar tasvirlangan. Bu esa bizning yurtda do‘stlik ramzi hisoblanadi. Shuning uchun ham eng qimmat narxga bo‘lsa ham uni sotib oldim, — deydi xitoylik mehmon.



Ko‘rgazma doirasida bo‘lib o‘tgan sur’atlar auksionida faol qatnashib ikkita ijod asarini sotib olgan sobiq bolalar jarrohi Mahmud Asomov “Orzular sari intilish” sur’atini 6 million so‘mga “Hayot so‘qmoqlari” nomli asarni esa 8 million so‘mga sotib oldi.
—Agar ushbu sur’atlar 20 million so‘m bo‘lganda ham sotib olardim, chunki ular shunchaki mo‘yqalam bilan chizilgan chizgilar emas. Sur’atlar dunyoni bor ranglari bilan ko‘ra olmaydigan bolalarning orzu-umidlari, intilishlaridir. Ular shubhasiz bebaho, – deydi suhbatlarimiz davomida.



—Mutaxassislar jamoasi bolalar va o‘smirlarning tasavvur olami borasidagi fakt va elementlarni jamlab, matn holiga keltirdi. To‘plangan ma’lumotlar sun’iy idrokka kiritildi va u bolalarning botiniy dunyosi aksini virtual tasvirlarga aylantirib berdi. Shundan so‘ng sun’iy idrok yaratgan suratlar rassomlar tomonidan rangtasvir ko‘rinishiga keltirildi, — deydi asosiy g‘oya mualliflaridan biri Hikmatilla Ubaydullayev.



Xayriya auksionidan yig‘ilgan barcha pullar to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Mehrli qo‘llar” xayriya jamg‘armasi hisob-raqamiga o‘tkazildi. Keyingi bosqich bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun tekshiruvlar o‘tkazish va operatsiya amalga oshirish.
O‘zA